Germaniya armiyasi askarlari soni ketma-ket ikkinchi yil kamaymoqda

Jahon 23:27 / 01.02.2025 698

Germaniya Qurolli kuchlaridagi (bundesver) harbiy xizmatchilar soni ketma-ket ikkinchi yil qisqarmoqda va 203 minglik maqsadli ko‘rsatkichdan pastligicha qolmoqda, deb xabar beradi FAZ gazetasi.

«O‘tgan yili yangi kelgan askarlar soni oshganiga qaramay, bundesver harbiy xizmatchilari soni yana biroz qisqardi. Germaniya Mudofaa vazirligi matbuot kotibining ma’lum qilishicha, yil oxirida harbiylar soni 181 ming 150 kishini tashkil etgan», — deyiladi xabarda.

2023 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 181 ming 500 kishini, 2022 yil oxirida esa bundesver harbiy xizmatchilari soni 183 mingdan ortiqni tashkil etgan.

Shu bilan birga, 2024 yil bundesver uchun yangi harbiy xizmatchilarni yollash borasida omadli kelgan: 20,3 ming inson xizmatga kirgan — bu undan oldingi yilga nisbatan taxminan 8 foizga ko‘p.

Germaniya kansleri Olaf Sholsning bundesver uchun 100 milliard yevrolik maxsus jamg‘armani tashkil etish taklifi 2022 yilda ma’qullangandi. Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Qurolli kuchlari modernizatsiyadan keyin Yevropadagi eng katta doimiy armiyaga aylanadi.

O‘tgan yilning yozida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Qurolli kuchlarni rivojlantirish rejasini taqdim etgandi — unda shaxsiy tarkib sonini 181 ming kishidan 203 ming kishiga oshirish, shuningdek, har yili 15 mingga yaqin yangi harbiy xizmatchilarni yollash taklif qilingan.

Dekabrda esa NATO bosh kotibi 5 yildan keyin Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgandi. Mark Ryutte Bryusseldagi chiqishi davomida mudofaani mustahkamlash bo‘yicha hozirgi sa’y-harakatlarni yetarlicha emas deb baholab, «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar biz bilan ham yuz berishi mumkin», degan.

Ko‘proq yangiliklar: