Centrum Air aviakompaniyasining Madina—Farg‘ona reysi bo‘yicha uchgan havo kemasi Turkmanistonga qo‘ndirildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1 fevral kuni Centrum Air’ning Madinadan Farg‘onaga uchayotgan S6 3336 raqamli A321neo samolyoti Turkmaniston havo hududidan o‘tayotganida, uning dvigatelidan moy sizib chiqqani aniqlangan.
Parvozlarni amalga oshirish qo‘llanmasiga muvofiq, havo kemasi komandiri Farg‘ona xalqaro aeroportiga uchishni to‘xtatish va uni Mari aeroportiga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Samolyot komandiridan tegishli bildirishnoma olinganidan keyin zaxiradagi A321neo samolyoti Mari aeroportiga yuborilgan.
Zaxira borti Mari aeroportiga yetib kelganidan keyin yo‘lovchilar hamda ularning yuklari Farg‘ona aeroportida yetkazilgan.
«Ayni vaqtda bizning yuqori malakali muhandislar jamoamiz tomonidan dvigateldan moy sizib chiqish holati bartaraf etilgan va samolyot tez orada yo‘lovchilarsiz Toshkentga texnik reysni amalga oshiradi», — deyiladi xabarda.