NYT: Shimoliy Koreya harbiylari Ukrainadagi front chizig‘idan olib ketildi

Jahon 18:28 3814

Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida turib jang qilayotgan KXDR harbiylari ko‘plab yo‘qotishlardan keyin front chizig‘idan olib ketildi. Bu haqda ukrainalik va amerikalik amaldorlarga tayanib The New York Times xabar berdi.

NYT suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya qo‘shinlari qariyb ikki haftadan beri frontda ko‘rinish bermagan. Ukrainalik amaldorning aytishicha, KXDR harbiylari orasida yo‘qotishlarning ortishiga ularning saflarida kuzatilgan tartibsizlik va rus bo‘linmalari bilan uyg‘unlikning yo‘qligi sabab bo‘lgan. Shimoliy Koreya harbiylari jang maydoniga yetib kelganidan beri o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, ular kam sonli zirhli texnikalar yordamida harakatlangan va kamdan kam hollarda qayta guruhlanish uchun to‘xtagan.

Shimoliy Koreya harbiylari og‘ir yo‘qotishlar sabab front chizig‘idan olib ketilganb to‘g‘risida 27 yanvar kuni Sky News Ukraina maxsus kuchlari komandiriga tayanib xabar bergandi. Uning taxminicha, KXDR askarlari «ukrainalik harbiylar bilan dastlabki to‘qnashuvlarga yo‘l qo‘ygan xatolaridan xulosa chiqarmoqda yoki yaradorlarga qarayapti yoki qo‘shimcha kuchlarni kutmoqda».

Amerikalik amaldorlarning hisoblashicha, Shimoliy Koreya qo‘shinlarini front chizig‘idan olib ketish qarori vaqtincha bo‘lishi mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, KXDR askarlari qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tganidan keyin yoki Rossiya qo‘shinlari ko‘plab yo‘qotishlardan qochish uchun ushbu bo‘linmalarni joylashtirishning yangi usulini topgandan so‘ng qaytishi mumkin.

2024 yil oktyabr o‘rtalarida Janubiy Koreya razvedkasi KXDR o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga qarshi urushga yuborish bo‘yicha qaror qabul qilganini bildirgan edi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, gap 10-12 ming askar haqida ketgan. Tez orada ular Rossiyaga yetib kelgani, ko‘p o‘tmay Kursk oblastiga yuborilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Kreml to‘g‘ridan to‘g‘ri mazkur ma’lumotlarni tasdiqlamadi. Keyinroq Vladimir Putin «sun’iy yo‘ldosh rasmlari [Rossiyadagi Shimoliy Koreya harbiylarining] bo‘lsa, demak ularda nimadir tasvirlangan», — dedi.

Yanvar o‘rtalarida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy UQK Kursk oblasti janglarida ilk bor Shimoliy koreyalik askarlarni tiriklay asirga olganini ma’lum qildi. Ular so‘roq qilingan va asirlardan biri Rossiyaga jangda ishtirok etish uchun emas, balki o‘quvlarda qatnashish maqsadida kelganini bildirgan. Ko‘p o‘tmay Zelenskiy asirlarni Rossiya tomonidan qo‘lga olingan ukrainalik harbiylar evaziga KXDR yetakchisi Kim Chen Inga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: