Diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi, bojdan ozod qilingan urug‘lik kartoshka, o‘zbek universitetlari dunyo reytingida va xorijga ko‘chayotgan vatandoshlarning tanlovi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Diniy sohada davlat siyosati konsepsiyasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi» loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat 41 banddan iborat bo‘lib, diniy sohada davlat siyosatining 10 ta asosiy vazifasi, 6 ta prinsipi va 3 ta ustuvor yo‘nalishini belgilaydi.
Konsepsiyaning maqsadi — vijdon erkinligini ta’minlash, dinlararo murosa va hurmatni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dunyoviylikni kafolatlash. Shuningdek, davlat xizmatchilari faoliyatida dunyoviy tamoyillar asosiy mezon bo‘lishi va radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish nazarda tutilgan.
Loyiha qonunchilik, ilm-fan, diniy ta’lim, ijtimoiy munosabatlar va xavfsizlik sohalarini qamrab oladi. Konsepsiya jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, ikkinchi o‘qishda takliflar inobatga olinishi kutilmoqda.
O‘zbek universitetlari dunyoning eng yaxshi OTMlari reytingida
O‘zbekistonning uchta oliy ta’lim muassasasi Times Higher Education reytingida ilk bor dunyoning eng nufuzli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi.
«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti tabiiy fanlar, matematika va statistika yo‘nalishida kuchli 400 lik, muhandislik yo‘nalishida kuchli 600 likka loyiq ko‘rildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti esa tabiiy fanlar, matematika va statistika yo‘nalishida 601–800-o‘rinda;
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ta’lim yo‘nalishida kuchli 700 likdan, kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari yo‘nalishida 1001-o‘rindan pastga joylashtirildi.
Jahonda eng nufuzli universitetlar orasida Harvard, Stenford, MIT va Oksford yetakchilik qilmoqda. Times Higher Education reytingi 11 toifani qamrab olib, ta’lim sifati, talabalar imkoniyatlari va bitiruvchilarning muvaffaqiyatlarini baholaydi.
Urug‘lik kartoshka bojdan ozod qilindi
O‘zbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni tomorqachilik va ijaraga berilgan yerlardan daromadli foydalanish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Asosiy o‘zgarishlarga ko‘ra, endi chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka 3 yilga bojxona bojidan ozod qilindi. Shuningdek, 2027 yildan kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq ichki ishlab chiqarish hisobiga qoplanishi belgilandi.
Dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish uchun alohida kengash tuziladi. UzAgroStar holdingi tashkil etilib, 9 ta bank homiyligida 15 ta ixtisoslashgan kompaniya ochiladi. 400 mlrd so‘m kartoshkachilikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi
Urug‘chilik institutlari bilan hamkorlik kuchaytiriladi, tanlangan tumanlarda «yashil» issiqxonalar barpo qilinadi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 15 ta tuman tajribasi yana 72 ta tumanda keng joriy etiladi.
O‘zbekistonliklar qaysi davlatlarga ko‘chib ketmoqda?
2024 yil davomida 10 ming 842 nafar o‘zbekistonlik doimiy yashash uchun xorijiy davlatlarga ko‘chib ketgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning aksariyati Qozog‘iston (8792 kishi) va Rossiyaga (1601 kishi) yo‘l olgan. Shuningdek, 96 kishi Janubiy Koreyaga, 73 kishi Qirg‘izistonga, 39 kishi Turkmanistonga va 241 kishi boshqa davlatlarga ko‘chib o‘tgan.
Taqqoslash uchun, 2023 yilda xorijga doimiy yashash maqsadida 17 ming 336 nafar o‘zbekistonlik ketgan bo‘lib, shundan 14 ming 51 kishi Qozog‘istonga, 2670 kishi esa Rossiyaga yo‘l olgan.
Bir vaqtning o‘zida, 2024 yil davomida O‘zbekistonga xorijdan doimiy yashash uchun 2229 kishi kelgan. Ular orasida eng ko‘pi Rossiyadan (813 kishi) va Qozog‘istondan (539 kishi) bo‘lgan. Shuningdek, 241 kishi Tojikistondan, 153 kishi esa Qirg‘izistondan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan.
Parijda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi
O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Nodir G‘aniyev Parij meri o‘rinbosari Arno Ngatcha bilan uchrashib, Toshkent va Parij shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Fransiya tomoni shu yil may oyida Parijda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlarini yuqori darajada tashkil etish uchun barcha zarur yordamni berishga tayyorligini bildirdi.