Moskvada "Rosnano" top-menejerlari ushlandi

Jahon 13:50 2212

Moskvada «Rosnano» kompaniyasi sobiq rahbari Anatoliy Chubaysning bir necha sobiq o‘rinbosarlari hibsga olindi. Bu haqda 30 yanvar, payshanba kuni ish materiallari bilan tanish manbaga tayanib, RBK nashri xabar berdi.

TASS axborot agentligi huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib, qo‘lga olishlar mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha muayyan ish doirasida sodir bo‘lganini ta’kidladi. Ushlanganlarning ismlari oshkor etilmagan. TASS manbasiga ko‘ra, ularning maqomi «tergov harakatlari davomida aniqlanadi».

«Interfaks» agentligi to‘rt kishi, jumladan «Rosnano» sobiq ijrochi direktori va sobiq ijrochi direktor o‘rinbosari – davlat korporatsiyasining moliya bo‘yicha boshqaruvchi direktori qo‘lga olingani haqida yozmoqda. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ularga Jinoyat kodeksining 285-moddasi (hokimiyatni suiiste’mol qilish) va 45 milliard rublni o‘zlashtirish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Gumonlanuvchilar o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Davlat dumasi Chubaysga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishni talab qildi

Chubays 2011 yildan 2020 yilgacha "Rosnano" boshqaruvi raisi bo‘lgan. 2022 yil mart oyida Vladimir Putin tomonidan ishdan bo‘shatilguniga qadar u prezidentning barqaror rivojlanish bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlagan. 2023 yilda Putin Chubays «qochib ketgani» va chet elda «negadir yashirinib yurganini» aytdi. U, shuningdek, bu kapitalida «moliyaviy teshik» aniqlangan "Rosnano"dagi vaziyatni tekshirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

2024 yil yanvar oyi o‘rtalarida Davlat dumasi deputatlari Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasiga Chubaysga nisbatan «tegishli jinoyatlar alomatlari», xususan, "Rosnano"ni boshqargan davri bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishni so‘rab so‘rov yuborishdi.

Ko‘proq yangiliklar: