Qozog‘iston bojxonasi yukni fitosanitar tekshiruvdan o‘tkazish uchun 10 kundan ortiq ushlab turgani, natijada kartoshkalar chirib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, chegarada mazkur yuklarni ataylab yoki sun’iy ravishda ushlab turish holati mavjud emas.
Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik bir nechta tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli kartoshka ortilgan vagonlar fitosanitar nazorat tartibiga muvofiq Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasining Qozog‘iston hududida vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu tekshiruv jarayonida yuk hujjatlarida aniqlangan ayrim texnik kamchiliklar sababli mahsulotni chegarada qisqa muddat ushlab turish ehtiyoji vujudga kelgan. Mazkur texnik muammolar o‘rnatilgan tartibda to‘liq bartaraf etilgan.
«Qozog‘iston chegarasida mazkur yuklarni ataylab yoki sun’iy ravishda ushlab turish holati mavjud emas. Ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirliklarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida mahsulot ayni kunda Toshkent shahridagi Chuqursoy saqlash punktiga yetkazildi», — deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabatida.
Ta’kidlanishicha, hozirda tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli barcha kartoshka mahsulotlari sotuv rastalariga yo‘naltirilmoqda. «Bu esa kartoshka narxi bilan bog‘liq vaziyatni bartaraf etish va bozorlarda mazkur mahsulotga bo‘lgan narxning barqarorlashuviga xizmat qiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida chegaralardagi fitosanitar va logistika jarayonlarini doimiy nazoratda tutishini ham eslatib o‘tgan. Kelgusida bunday texnik kamchiliklarning takrorlanmasligini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi aytildi.