American Airlines aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyoti hamda AQSh armiyasining Black Hawk vertolyoti havodagi to‘qnashuvdan keyin Potomak daryosiga quladi. To‘qnashuv 30 yanvarga o‘tar kechasi Vashingtondagi Ronald Reygan nomidagi aeroport yaqinida ro‘y bergan. Kanzas shtatining Uichito shahridan CRJ700 reysini amalga oshirgan samolyot mahalliy vaqt bilan 21:47 da (Toshkent vaqti bilan 30 yanvar kuni soat 7:47 da), aeroport hududiga kirayotganida armiya vertolyoti bilan to‘qnashgan, deb xabar bergan AQSh fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi. Vashingtondagi Kennedi markaziga o‘rnatilgan videokamera to‘qnashuvni tasvirga olgan, kadrda Potomak ustida portlash ro‘y bergani ko‘ringan. The Washington Post gazetasi yozishicha, to‘qnashuv paytida aeroport hududida havo ochiq edi.
Samolyot bortida 64 kishi bo‘lgan: 60 yo‘lovchi va ekipajning to‘rt nafar a’zosi, deb xabar qilgan American Airlines aviakompaniyasidagilar. AQSh armiyasi esa vertolyot bortida uch nafar askar bo‘lganini bildirgan. Aviahalokatda bazasi Virjiniya shtatida bo‘lgan UH-60 Black Hawk rusumli vertolyot ishtirok etgani qo‘shimcha qilingan. Associated Press xabariga ko‘ra, armiya vertolyoti sinov parvozini amalga oshirayotgandi. Ijtimoiy tarmoqda halokatdan keyin olingan fotosuratlar paydo bo‘ldi, kadrlarda samolyot qoldiqlarini ko‘rish mumkin.
Politsiya suvdan «ko‘plab jasadlar»ni chiqarib olgan, hozircha omon qolganlar topilmagan, deb xabar bergan The Washington Post manbaga asoslanib. CBS News manbasiga ko‘ra, daryodan 18 kishining jasadi olib chiqilgan. Texasdan saylangan senator Ted Kruz «qurbonlar borligi»ni aytgan, ammo ularning soniga aniqlik kiritmagan. Qidiruv-qutqaruv amaliyotida o‘nlab politsiyachilar, tez yordam va favqulodda xizmatlar xodimlari ishtirok etmoqda, ular qayiqlarda Potomak bo‘ylab harakatlanib, samolyot va vertolyotning omon qolgan yo‘lovchilarini qidirmoqda. Potomak — eni yuz metr, chuqurligi bir necha metrga yetuvchi, to‘lib oqadigan daryo. Vashington aeroporti 31 yanvar tongiga qadar yopilgan.
CNN telekanali aeroportdagi dispetcherlar va vertolyot ekipaji so‘zlashuvi rasshifrovkasini e’lon qildi. Telekanal LiveATC.net saytidan olgan audioda dispetcher vertolyot ekipajiga shunday deydi: «PAT 2-5, siz CRJ [samolyoti]ni ko‘ryapsizmi?». Keyin dispetcher aytadi: «PAT 2-5 CRJ ortidan yuring». Keyin esa audioyozuvda chuqur xo‘rsinish va qattiq baqirish ovozi eshitiladi, bu katta ehtimol bilan to‘qnashuv vaqtidagi ovozlar bo‘lgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Reygan nomidagi aeroportda ro‘y bergan «dahshatli avariya haqida to‘la xabardor qilingani»ni aytgan. «Xudo ularning ruhlarini shod qilsin. Qutqaruvchilarimizga qilayotgan ishlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Men vaziyatni kuzatib boryapman va kelgan tafsilotlarni berib boraman», — degan Tramp.
Tramp aviahalokatning oldini olish mumkin edi, deb hisoblamoqda. AQSh prezidenti o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida samolyot aeroportga qo‘nish uchun «ideal» holatda yaqinlashgani, vertolyot esa uzoq vaqt davomida to‘g‘ri yo‘lovchi laynerga qarab uchgani haqida yozgan. «Tunda havo ochiq edi, samolyotda chiroqlar yonib turgandi, vertolyot nima uchun yuqoriga ko‘tarilmagan, pastlamagan, burilmagan. Nima uchun dispetcherlar minorasi vertolyotga samolyotni ko‘ryapsanmi deyish o‘rniga unga nima qilishni aytmagan? Bu yomon holat, buning oldini olish kerak edi», — deydi Tramp.
AQShda yo‘lovchi samolyotlar bilan bog‘liq so‘nggi yirik halokat 10 yil oldin ro‘y bergandi. 2013 yil 6 yanvarida San-Fransiskoda Asiana Airlines aviakompaniyasi samolyoti favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan, uch kishi halok bo‘lib, 187 kishi yaralangandi. Ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan so‘nggi yirik aviahalokat esa 2009 yil 12 fevralda ro‘y bergan: o‘shanda Colgan Air kompaniyasi samolyoti Nyu Yorkda qulab, uning bortidagi 49 kishining barchasi va yerdagi bir kishi halok bo‘lgan.