Vashington osmonida samolyot halokati: sabablar va qurbonlar haqida nima ma’lum?

Jahon 21:53 / 30.01.2025 5274

Samolyotdagi yo‘lovchilar orasida figurali uchish bo‘yicha AQSh chempionatidan qaytayotgan sportchilar va murabbiylar ham bo‘lgan. BBC hodisa haqida ma’lum bo‘lgan faktlarni keltirdi.

Nima voqea yuz berdi

To‘qnashuv mahalliy vaqt bilan 21:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 7:00 atrofida) sodir bo‘ldi. American Airlines brendidan foydalanadigan PSA Airlines aviakomaniyasining Bombardier CRJ700 samolyoti Kanzas shtati, Uichita shahridan uchib kelayotganida Ronald Reygan xalqaro aeroportiga qo‘nish chog‘ida Sikorsky H-60 (Black Hawk) harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib ketdi.

Pentagonning ma’lum qilishicha, vertolyot Virjiniya shtatidagi Fort-Belvuar shahridan havoga ko‘tarilgan. Harbiylarga ko‘ra, vertolyot o‘quv parvozini amalga oshirgan.

Samolyot bortida 64 kishi — 60 yo‘lovchi va to‘rt nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Vertolyot bortida 3 nafar amerikalik harbiy xizmatchi bo‘lgan, dedi Vashington meri Muriyel Bouzer.

Qutqaruv operatsiyasi halokatdan so‘ng darhol boshlandi. Kolumbiya okrugi favqulodda vaziyatlar direktori Jon Donnelli so‘zlariga ko‘ra, suv juda sovuq va atrof qorong‘i edi.

«Shamol esmoqda. Suvda muz bo‘laklari bor... Yorug‘lik yetishmagani sababli, har kvadrat dyuym maydonni tekshirib chiqishga to‘g‘ri keladi», dedi u. «Bular [qutqaruvchilar] suvga sho‘ng‘ishi uchun juda qiyin sharoit», deb qo‘shimcha qildi Donnelli.

Foto: AFP

Rasmiylarga ko‘ra, samolyot bir necha bo‘laklarga ajralgan va hozir 1,5-2,4 m chuqurlikda suv ostida qolgan. Halok bo‘lganlarning jasadini suvdan chiqarib olish jarayoni davom etmoqda.

«Biz bu halokatda omon qolganlar borligiga ishonmaymiz», dedi Jon Donnelli.

G‘avvoslar hozircha samolyotning ikkita registratoridan (qora qutilar) biri bo‘lishi taxmin qilinayotgan obektni topgan. Suvga qulagan harbiy vertolyot to‘ntarilgan holatda, ammo jiddiy shikastlanmagani ko‘rinadi.

Samolyot bortida kimlar bo‘lgan?

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, rasmiylar esa yo‘lovchilarning ismlarini aytmayapti. Biroq AQSh figurali uchish federatsiyasi American Airlines aviakompaniyasi 5342 reysi bortida o‘z sportchilari va murabbiylari bo‘lganini tasdiqladi.

«Ushbu sportchilar, murabbiylar va ularning oila a’zolari Kanzas shtatining Uichita shahrida figurali uchish bo‘yicha AQSh chempionati bilan birgalikda o‘tkazilgan Milliy rivojlanish lagerida qatnashib uyga qaytayotgan edi», deyiladi federatsiya bayonotida.

20-26 yanvar kunlari Uichita shahrida figurali uchish bo‘yicha 2025 yilgi AQSh chempionati bo‘lib o‘tdi.

Yevgeniya Shishkova va Vadim Naumov

Rossiyaning TASS axborot agentligi o‘z manbasiga tayanib, samolyot bortida figurali uchish bo‘yicha jahon chempionlari Yevgeniya Shishkova va Vadim Naumov bo‘lganini da’vo qildi. Shishkova va Naumov 1994 yilda Rossiya terma jamoasi tarkibida figurali uchish bo‘yicha juftliklar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan. Ular keyinchalik AQShga ko‘chib o‘tgan. Ularning o‘g‘li Maksim Naumov ham Uichita shahridagi musobaqada qatnashgan, uning taqdiri noma’lum.

Maksim Naumov

TASS manbasining xabar berishicha, yo‘lovchilar orasida konkida uchish bo‘yicha 1980 yilgi SSSR chempionatining bronza medali sovrindori Inna Volyanskaya ham bor. So‘nggi yillarda u AQShda murabbiy bo‘lib ishlagan.

Nima uchun to‘qnashuv sodir bo‘ldi?

AQSh prezidenti Donald Tramp halokatdan ko‘p o‘tmay, qanday qilib bunday to‘qnashuv sodir bo‘lishi mumkin degan savolni o‘rtaga qo‘ydi.

«Samolyot ideal va an’anaviy yo‘nalishda aeroportga yaqinlashayotgan edi. Vertolyot uzoq vaqt davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri samolyot tomon uchdi. Tun ravshan edi, samolyot chiroqlari yonib turardi. Nega vertolyot yuqoriga ko‘tarilmadi yoki pastga tushmadi yoki burilmadi? Nega dispetcherlik minorasi vertolyotga nima qilish kerakligini aytmadi, faqat «samolyotni ko‘ryapsizmi», deb so‘radi. Bu yomon vaziyat, uning oldini olish kerak edi», deb yozdi Tramp Truth Social sahifasida.

Live ATC veb-saytida e’lon qilingan suhbat audioyozuviga ko‘ra, dispetcher vertolyot uchuvchisidan American Airlines aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyotini ko‘ryapsizmi deb so‘ragan, ammo javob olmagan.

«PAT25, CRJni ko‘ryapsizmi? CRJ ortidan o‘ting», deydi dispetcher. (PAT25 — vertolyotning, CRJ – samolyotning chaqiruv belgisi)

Keyin dispetcherlar o‘zaro suhbatda to‘qnashuv bo‘lganini tasdiqlaydi. Audioyozuvda «To‘qnashuv, to‘qnashuv, to‘qnashuv, bu uchinchi signal», degan gaplar eshitiladi. «Bilmayman, siz avvalroq nima bo‘lganini payqadingizmi, lekin 3-3 ga yaqinlashganda to‘qnashuv yuz berdi. Biz operatsiyalarni noma’lum muddatga to‘xtatamiz. Harakatlaringizni kompaniya bilan muvofiqlashtirishni qat’iy tavsiya qilaman. Nima qilishni xohlayotganingizni ayting», deydi dispetcher 33-qo‘nish yo‘lagiga ishora qilib. «Vertolyot ham, samolyot ham daryoga qulab tushdi», deydi uchinchi dispetcher. «Bu daryoning o‘rtasida bo‘lsa kerak», deydi dispetcher. «Men hozirgina olovli sharni ko‘rdim, keyin u g‘oyib bo‘ldi. Ular daryoga qulaganidan keyin hech narsani ko‘rmadim. Ammo aynan CRJ va vertolyot to‘qnashib ketdi».

Foto: Reuters

Mutaxassislar nima deydi?

American Airlines aviakompaniyasi samolyoti ham, Black Hawk vertolyoti ham halokatga uchragunga qadar yo‘nalishi va balandligi haqida ma’lumot uzatgan. Ikkala havo kemasining signali turlicha bo‘lsa-da, ular bir-biriga yaqinlashayotgani ADS-B Exchange saytida ko‘rinib turgan.

Bundan tashqari, zamonaviy samolyotlar yaqin atrofdagi boshqa samolyotlarni aniqlaydigan va havoda to‘qnashish xavfidan ogohlantiradigan (TCAS) tizimi bilan jihozlangan.

Aviatsiya bo‘yicha maslahatchi Jyefri Tomas so‘zlariga ko‘ra, havodagi to‘qnashuvlar o‘tmishda qolishi kerak edi: yangi texnologiya samolyotlarga bir-biriga elektron xabar jo‘natish imkonini beradi va uchuvchilarni ehtimoliy to‘qnashuv haqida ogohlantiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TCAS tizimi so‘nggi davrda minglab odamlarning hayotini saqlab qolgan.

Biroq, American Airlines aviakompaniyasining sobiq uchuvchisi Dug Rays so‘zlariga ko‘ra, tizim 700 futdan (213 m) pastda samarasiz.

Kuzatuv veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvdan oldin samolyotning oxirgi qayd etilgan balandligi taxminan 200 fut (60 m) bo‘lgan.

Sobiq uchuvchi Jorj Bekon so‘zlariga ko‘ra, harbiy samolyotlar va vertolyotlar muntazam ravishda yo‘lovchi samolyotlari yaqinida uchadi.

«AQShda harbiy uchuvchi sifatida ishlaganman va Vashington atrofidagi havo hududi bilan biroz tanishman. Bu juda gavjum joy, ammo fuqarolik va harbiy samolyotlar bir xil radiochastotadan foydalanadi. Odatda harbiy uchuvchi o‘zini o‘zi boshqaradi, qayerga uchishni, yo‘nalishni mustaqil tanlaydi. Ammo nazorat qilinadigan bunday osmonda ular dispetcherning ko‘rsatmalariga amal qiladi», dedi Bekon.

Bekon, shuningdek, havo harakati dispetcheri vertolyot uchuvchilariga nima qilish kerakligini aytmaganidan hayratda qolgan Tramp savoliga ham qisman javob qaytardi.

«Dispetcher odatda shunday ishlaydi: «Samolyotni ko‘ryapsizmi?», deydi. Bu juda aniq ko‘rsatma bo‘ladi, shunda harbiy vertolyot uchuvchisi yo‘lovchi samolyotlaridan qochishga majbur bo‘ladi».

Yana bir savol tug‘iladi: nega vertolyot yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatmalar oldi, biroq, unga amal qilmadi?

«Samolyotning parvoz yo‘nalishi va radiosuhbatlarga e’tibor bersak, Black Hawk vertolyotiga negadir samolyot bilan vizual uzoqlashishga buyruq berilgan, ammo buning sababi nima ekanini bilmayman», dedi Avstraliya fuqaro aviatsiyasi xavfsizligi boshqarmasi xodimi Toni Stenton.

«Bu men tergovchi sifatida o‘rganishni istaydigan vaziyat. Black Hawk ekipaji buyruqni nega bajarmagani qiziq», dedi Stenton.

AQSh poytaxtidagi asosiy muammolardan biri bu fuqarolik va harbiy samolyotlar tomonidan taqsimlangan havo hududining gavjumligi, deb ta’kidladi Reuters muxbiri Devid Sheperdson. Ko‘plab harbiy bazalar joylashgan Vashington hududida harbiy vertolyotlarni ko‘rish an’anaviy holat. Masalan, AQSh hukumati Hisob palatasining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, 2016-2019 yillarda Reygan milliy aeroportidan 48 km radiusda 88 mingta vertolyot parvozi amalga oshirilgan, ulardan 33 mingtasi harbiy vertolyot.

Bundan tashqari, aeroportning o‘zi ham juda gavjum. Uchish-qo‘nish yo‘laklari qisqa bo‘lgani uchun parvozlarning 90 foizdan ortig‘i asosiy uchish-qo‘nish yo‘lagidan amalga oshiriladi, bu esa har kuni 800 dan ortiq uchish va qo‘nish demakdir, deb xabar berdi Reuters.

Rasmiylarning bayonotlariga qaraganda, endi asosiy savol — vertolyot nima uchun o‘ziga xos bo‘lmagan balandlikda uchib yurgani. Hozir tergovchilar aynan shu narsani tekshirmoqda. American Airlines aviakompaniyasi vakili Robert Isom ham bu haqda gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyot standart yo‘nalishda bo‘lgan va vertolyot nima uchun uning yo‘liga tushib qolgani noma’lum.

Ko‘proq yangiliklar: