Yaponiyaning SoftBank kompaniyasi ChatGPT sun’iy intellekt chatbotini yaratgan Amerikaning OpenAI startapiga 25 milliard dollargacha investitsiya kiritish niyatida. Bu haqda Financial Times va CNBC xabar berdi.
FT’ning qayd etishicha, bunday sarmoya SoftBank’ni OpenAI’ning eng yirik moliyaviy homiylaridan biriga aylantiradi. SoftBank va kompaniya AQShning yangi prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan Stargate sun’iy intellekt loyihasi doirasida sherik hisoblanadi. Mazkur loyiha «sun’iy intellektning keyingi avlodini qo‘llab-quvvatlash» va ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ko‘plab markazlarni yaratish maqsadida ishga tushirilgan. Birinchi bosqichda loyihaga 100 milliard dollar investitsiya kiritiladi va keyingi to‘rt yil ichida u 500 milliard dollarga yetkaziladi.
SoftBank Stargate’ga 15 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritish niyatida, shuningdek, u OpenAI’ga 15-25 milliard dollar investitsiya kiritish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
CNBC’ga ko‘ra, SoftBank avval ham OpenAI’ga investitsiya kiritgan, ammo kamroq miqdorda. Bunga qadar OpenAI’ga Microsoft 13 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirgan. ChatGPT ishga tushirilganidan beri uning qiymati 157 milliard dollargacha oshgan.
Avvalroq, Xitoyning DeepSeek startapi yangi sun’iy intellekt modelini taqdim etishi global moliya bozorini larzaga solgan, oqibatda Nvidia, OpenAI, Microsoft va Google kabi yirik texnologik kompaniyalar aksiyalari narxi keskin tushib ketgan edi.