O‘zbekiston 2027 yildan kartoshkaga ehtiyojini to‘liq o‘zi qoplamoqchi
Kartoshkachilikni rivojlantirish uchun 400 milliard so‘m ajratiladi.

Foto: Getty Images
O‘zbekistonda 2027 yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 30 yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.
«O‘zbekistonda eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri kartoshkadir. 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanyapti. Nav va hosildorlik yaxshi emas. Shu bois Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qo‘yildi.
Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. 2027 yildan kartoshkaga ehtiyoj to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan», deyilgan prezident matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Kartoshka bilan bog‘liq vaziyat
Mintaqaning ko‘plab mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham 2025 yil yanvarida kartoshka narxi qimmatlashdi.
Yangi Qo‘yliq dehqon bozorida yil boshidan beri kartoshka narxi 37–85 foizga qimmatlashgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilib boradigan ma’lumotlarga ko‘ra, 4 yanvardan 21 yanvargacha bo‘lgan muddatda Yangi Qo‘yliq dehqon bozorida kartoshkaning minimal ulgurji narxi 3500 so‘mdan 6500 so‘mgacha yoki 85 foizga, maksimal narxi esa 6200 so‘mdan 8500 so‘mgacha yoki 37 foizga qimmatlashgan. Katta ehtimol bilan keyingi kunlarda bu raqamlar yanada oshgan.
18 yanvardan boshlab Qozog‘iston YeOII a’zosi bo‘lmagan mamlakatlar, xususan O‘zbekistonga kartoshka eksportini 6 oyga to‘xtatgan. Bunga Qozog‘istonning o‘zida ushbu mahsulot narxi oshib ketgani sabab sifatida keltirilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi zaxiralar yetarli ekani va narxlar barqarorligini saqlash uchun zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgandi. Vazirlikka ko‘ra, mamlakatda kartoshkaga bo‘lgan yillik ehtiyoj 4 million tonnani tashkil etadi. 2024 yilda 3,7 million tonna kartoshka yetishtirilgan bo‘lib, shundan 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan, tabiiy yo‘qotish taxminan 100 ming tonna (3%) bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid

14:29
“Chigit ekish muddatini majburan belgilab berish noto‘g‘ri” - mutaxassislar

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025