Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 28 yanvar kuni Luvrga tashrif buyurib, muzeyda ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi ekanini ma’lum qildi.
«Luvr restavratsiya qilinadi va kengaytiriladi», — deydi Fransiya yetakchisi.
Makron Madaniyat vazirligi «qurilish ishlarini rejalashtirish loyihasiga 10 million yevro investitsiya kiritishini» e’lon qildi.
Fransiya prezidentiga ko‘ra, Perro kolonnadasi orqali «yangi katta kirish» yo‘li quriladi. Shuningdek, Makron Leonardo da Vinchining «Mona Liza» polotnosini Luvrdagi «maxsus joyga» ko‘chirishni rejalashtirganini ma’lum qildi — bu kartinani muzeydagi boshqa kolleksiyalardan alohida tomosha qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, u madaniyat vaziri Rashida Datidan YeI tarkibiga kirmaydigan davlatlardan kelgan xorijlik tashrif buyuruvchilar uchun «nisbatan yuqori tabaqalashtirilgan narxlarni» joriy etishni so‘radi. Chiptalarning yangi narxlari 2026 yil 1 yanvardan tadbiq etiladi.
Prezidentning hisoblashicha, Luvr yangilangandan keyin u yerga har yili 12 million kishi tashrif buyura oladi. 2024 yilda muzeyga qariyb 9 million kishi kelgan.
O‘tgan hafta Luvr direktori Lorans de Kar muzey binosi avariyaviy holatda ekanligi bois Fransiya Madaniyat vazirligiga murojaat qilgandi. Muzey rahbari madaniyat vaziri Rashida Datiga yo‘llagan maktubida «Luvr xonalarining ahvoli haqida, ularning ayrimlari juda yomon holatda ekani» to‘g‘risida ma’lumot bergan.