Huquqbuzarlik qilishi yoki undan jabrlanishi ehtimoli bo‘lgan 800 ming kishining ro‘yxati tuzildi – IIV
2024 yilda profilaktika inspektorlari va mahalla vakillari uyma-uy yurish orqali huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 800 mingdan ortiq shaxsning ro‘yxatini shakllantirdi. Bu haqda xabar bergan Ichki ishlar vazirligi fuqarolar qaysi asoslarga ko‘ra bu ro‘yxatga kiritilganiga aniqlik kiritmagan.

Foto: AOKA
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabrdagi 801-sonli qaroriga asosan, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda «mahalla yettiligi» vakillariga vazifalar belgilangan. 29 yanvar kuni AOKAdagi brifingda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot kotibi Muzifa Sultonova bu vazifaning ijrosi yuzasidan ma’lumot berdi.
«Natijada o‘tgan yil davomida profilaktika inspektorlari va mahalla vakillari tomonidan uyma-uy yurish orqali, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan jami 800 mingdan ortiq shaxslar ro‘yxati shakllantirildi, ularning 588 mingdan ortig‘iga xulosalar berilib, mahalla vakillari tomonidan 400 mingdan ortiq fuqarolarning muammolari ijobiy hal etildi», – deyiladi IIV rasmiysining axborotida.
Muzifa Sultonovaning bayonotida yuz minglab fuqarolar qaysi asoslarga ko‘ra «huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan» toifaga kiritilgani yuzasidan izoh berilmagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2025 yilda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarining kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 419 ta mahallasini o‘z ichiga qamrab oladigan 84 ta mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik bu tizim boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi.
Mavzuga oid

11:53
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

22:17 / 05.03.2025
Putinga politsiya xodimlari ommaviy ravishda xizmatdan bo‘shatilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berildi

12:10 / 05.03.2025
Bosh prokuratura va IIV bir-birini tiyib turishi kerakligi aytildi

23:04 / 04.03.2025