O‘zbekiston | 14:43 / 28.01.2025
11746
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways Yevropaga Rossiya va Belarus hududini aylanib ucha boshladi

Aviakompaniyadagilar buni «Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi tavsiyasi» va «ehtiyot chorasi» deb atagan.

Uzbekistan Airways Yevropa hududiga parvozlarni Rossiya va Belarus hududini aylanib o‘tgan holda amalga oshirmoqda. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov 28 yanvar kungi matbuot anjumanida xabar bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, aviakompaniya reyslari 2025 yil 20 yanvardan boshlab janubroqdan – Ozarboyjon va Turkiya hududlari orqali amalga oshirilmoqda.

Kompaniya matbuot xizmati Kun.uz’ga bergan izohida yo‘nalish o‘zgarishi Azerbaijan Airlines samolyoti aviahalokati bilan bog‘liq emasligini bildirgan.

«Bu Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi tavsiyasi, chunki biz Yevropa fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatamiz. Bu Ozarboyjon havo yo‘llari samolyoti halokati bilan bog‘liq emas», — deyiladi izohda.

O‘z navbatida, kompaniya matbuot xizmati Repost.uz nashrining xuddi shu savoliga javoban «bu shunchaki ehtiyot choralari va ma’lum darajada yo‘nalishlarni optimallashtirish» ekanini aytgan.

Endilikda Yevropagacha masofa uzaygan, masalan, Toshkent-Myunxen reysida oldin Rossiya orqali uchilganida masofa 4849 kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, endilikda 5156 kilometrga yetgan.

Yevropa hududiga janubroqdan, Ozarboyjon va Turkiya orqali yo‘nalish. Foto: Flightradar24.

«Tabiiyki, bu reysni bir tomonga 30–40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak», – deya aviatashuvchi rahbarining so‘zlarini keltirgan Gazeta.uz.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 25 dekabr tongida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchgan samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi va bortdagilarning 38 nafari halok bo‘lib, 29 kishi omon qolgan. Dastlab Euronews va Reuters Ozarboyjon hukumatidagi manbaga asoslanib, samolyot halokatiga Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasi sabab bo‘lganini xabar qildi. Ma’lum qilinishicha, samolyot Grozniyga ukrain dronlari hujum qilgan vaqtda raketa zarbasiga uchragan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga shikast yetkazgan.

Uch kun o‘tib Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qilib, «Rossiya havo kengligida ro‘y bergan fojiali hodisa» uchun uzr so‘radi. Aliyev Rossiya samolyot halokatidagi aybini tan olishi zarurligini aytgan.

Yanvar oyi boshida O‘zbekistondagi Qanot Sharq aviakompaniyasi Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg va Nijniy Novgorod shaharariga parvozlarni to‘xtatdi. Aviakompaniyadagilar bu qarorni «ekspluatatsiya zarurati» deb izohlagan.

Mavzuga oid