NHH loyihalarining jamoatchilik muhokamasi bo‘yicha topshiriq bajarilyaptimi?
Ikki oy oldin, qonunosti hujjatlar loyihalarini jamoatchilik bilan bamaslahat qabul qilishni ko‘zda tutuvchi hujjat loyihasini bir oy ichida ishlab chiqish topshirig‘i berilgan edi. Adliya vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, loyiha ishlab chiqilgan, lekin hali qabul qilinmagan.
2024 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida qatnashgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni, ularning asoslangan bo‘lishi kerakligini aytgan edi. Shuningdek, davlat rahbari keyingi vaqtlarda qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik bilan maslahat qilishda qonunlarda belgilangan talablarga hamisha ham rioya etilmayotganiga e’tiroz bildirgandi.
Majlisda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Adliya vazirligiga bir oy muddatda bu masala bo‘yicha takliflarni Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi bilan birga muhokama qilish va hukumatga kiritish topshirig‘i berilgan edi.
Shuningdek, prezident hukumatning qonunchilik tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari sifatini oshirish ham dolzarb masala bo‘lib turganini qayd etgan edi.
Kun.uz ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Adliya vazirligidan izoh so‘radi. Vazirlik matbuot xizmati xodimi Anasxon Hamdamovning ma’lum qilishicha, yuqoridagi topshiriq bo‘yicha “loyiha mavjud, lekin hali hujjat chiqmagan”.
Loyiha hozir qaysi bosqichda ekani, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berilmadi. Shuningdek, loyiha Qonunchilik palatasi bilan muhokama qilingani borasida ham aniq ma’lumot yo‘q.
NHH loyihalarining jamoatchilik muhokamalari bo‘yicha hozirgi qonunchilikda nima deyilgan?
Aslida 2018 yildagi qaror bilan, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasi o‘tkazish uchun joylashtirilishi lozimligi belgilangan edi. Lekin fuqarolik jamiyatining muhim tartiblaridan biri 4 yilga qolmay ancha zaiflashgan.
Xususan, 2022 yil mart oyidan hujjatga o‘zgartirish kiritilib, undagi “barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari” so‘zlari “muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida” so‘zlari bilan almashtirilgan.
O‘shanda Adliya vazirligi bu masala ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinib, jamoatchilik o‘z e’tirozlarini bildira boshlamagunicha bu haqda o‘z resurslarida xabar ham bermagan edi.
Mavzuga oid

16:18 / 07.03.2025
Xudoyor Meliyev adliya vaziri o‘rinbosari lavozimidan ketdi

17:32 / 04.03.2025
Eksklyuziv huquq berilgan sub’yektlar ro‘yxati ochiqlanadi

13:30 / 24.01.2025
Huquq-tartibot xodimlari videolarini obro‘sizlantirish maqsadida tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

18:17 / 20.01.2025