Vengriya Yevropa Ittifoqining Belarus bo‘yicha qo‘shma bayonotini blokladi

Jahon 08:13 3523

Vengriya vakillari Yevropa Ittifoqi davlatlarining Belarusdagi prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslik haqidagi qo‘shma bayonotiga to‘sqinlik qildi. Bu haqda 26 yanvar, yakshanba kuni Bryusseldagi manbalar xabar berdi.

Yevropa Ittifoqining barcha 27 mamlakati vakillaridan imzolar bo‘lmagani uchun Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas va Yevropaning qo‘shnichilik va kengayish siyosati bo‘yicha komissari Marta Kos o‘z bayonotini e’lon qildi.

Hujjatda, xususan, 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar «na erkin, na adolatli» o‘tgani hamda Belarus xalqi «mamlakatini kim boshqarishi haqidagi savolda haqiqiy ovozga loyiq» ekanligi ta’kidlangan.

«Belarusda inson huquqlarining shafqatsiz bostirilishi, siyosiy ishtirok va mustaqil ommaviy axborot vositalariga kirishning cheklanishi saylov jarayonini har qanday qonuniylikdan mahrum qildi», deb yozadi Kallas va Kos.

Ular Bryussel «fuqarolik jamiyati, muhojirlikdagi Belarus demokratik kuchlari va Belarus madaniyatiga moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan birga» Belarus rejimiga cheklovlar qo‘yishda davom etishini ta’kidladilar.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi rahbari: Lukashenko 86,82 foiz ovozga ega

26 yanvar kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) rahbari Igor Karpenko matbuot anjumanida saylovchilarning 86,82 foizi yettinchi muddatga qayta saylangan 70 yoshli Aleksandr Lukashenkoga ovoz berganini ma’lum qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Liberal-demokratik partiya yetakchisi Oleg Gaydukevich 2,02 foiz, Mehnat va adolat respublika partiyasi raisi Aleksandr Xijnyak 1,74 foiz ovoz olgan. Belarus Kommunistik partiyasi rahbari Sergey Sirankov 3,21 foiz, yakka tartibdagi tadbirkor Anna Kanopatskaya esa 1,86 foiz ovozga ega.

Mustaqil ommaviy axborot vositalari Belarusdan majburan chiqarib yuborilgan va u yerda ekstremistik deb hisoblanadi. Belarus Jurnalistlar assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 42 OAV vakili qamoqda.

Saylovchilarni saylov uchastkalarida hozir bo‘lgan militsiya xodimlari kuzatib bordi. Ovoz berish kabinalari ochiq edi. Saylov byulletenlarini suratga olish taqiqlanadi va buning uchun jarima ham bor.

2020 yilgi norozilik namoyishlari chog‘ida Lukashenko oltinchi muddati uning oxirgisi bo‘lishiga va’da bergan edi.

Ko‘proq yangiliklar: