YeI kengashi Gurjiston bilan vizasiz rejimni qisman to‘xtatdi

Jahon 22:04 / 27.01.2025 946

Yevropa Ittifoqi kengashi Gurjiston bilan vizasiz kelishuvning bir qismini to‘xtatdi. Vizasiz rejim gurjistonlik diplomatlar va mansabdor shaxslar uchun noma’lum muddatga bekor qilindi. Endi ular YeI hududiga kirish uchun viza so‘rovini yuborishlari talab etiladi.

Mazkur qaror YeIga a’zo davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarning uchrashuv va rasmiy tadbirlarida ishtirok etadigan Gurjiston delegatsiyasi a’zolariga tegishli. Gap Gurjiston parlamenti va hukumati, Konstitutsiyaviy va Oliy sud a’zolari, diplomatik pasport egalari haqida ketmoqda.

«Oddiy pasportga ega Gurjiston fuqarolari oldingidek YeIga qisqa muddatli safarlarida vizasiz rejimdan foydalana oladi», — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, ushbu qaror Gurjistonda 2024 yilda qabul qilingan «inoagentlar» to‘g‘risidagi qonunga javob hisoblanadi. Bundan tashqari, vizasiz rejimning bekor qilinishi Gurjiston hukumati tomonidan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yilgacha to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonotdan keyin Tbilisida boshlangan namoyish ishtirokchilari, muxolifat va mustaqil OAVga nisbatan amalga oshirilayotgan repressiyaga javobdir.

Gurjiston va YeI o‘rtasida soddalashtirilgan viza rejimi 2011 yil martda kuchga kirgan. 2017 yil martda Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevropa parlamenti Gurjiston fuqarolarining Yevroittifoq hududiga safarlari uchun viza talab qilishni butunlay to‘xtatgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: