Belarusning 30 yillik prezidenti yana saylandi. G‘arb bu saylovni ham tan olmadi

Jahon 22:08 / 27.01.2025 3657

Belarusda kecha, 26 yanvar kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Hech qanday raqobat va siyosiy qarama-qarshilik, muxolifat ishtirokisiz o‘tgan bu saylovda kutilganidek amaldagi rahbar Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozondi. Endi u 2030 yilgacha bu lavozimda qoladi.

7-muddatga qayta saylangan Lukashenko, rasmiy natijalarga ko‘ra, saylovchilarning 86,82 foiz ovozini yig‘gan. Qolgan nomzodlar esa eng ko‘pi bilan 3 foiz ovoz to‘plagan. 3,6 foiz saylovchi barcha nomzodlarga qarshi ovoz bergan. Davomat – qariyb 86 foiz.

Liberal-demokratik partiya yetakchisi Oleg Gaydukevich 2,02 foiz, tadbirkor va yagona ayol nomzod Anna Kanopatskaya 1,86 foiz, kommunistik partiyadan Sergey Sirankov 3,21 foiz, “Mehnat va adolat” partiyasi raisi Aleksandr Xijnyak esa 1,74 foiz ovoz yig‘olgan.

Lukashenko saylovda ovoz berganidan keyin matbuot anjumani o‘tkazdi va hokimiyatni topshirish uchun o‘ziga voris izlamayotganini aytdi. Respublikaning kelajakdagi rahbari allaqachon mavjud kadrlar zaxirasidan shakllantirilganini qo‘shimcha qildi.

Saylov g‘arblik kuzatuvchilar ishtirokisiz o‘tkazildi. Bundan tashqari, biror xorijiy davlatda saylov uchastkasi tashkil etilmadi. Ya’ni Belarusning xorijda yashovchi fuqarolari deyarli ovoz berolmadi, chunki ular ovoz berish uchun Belarusga kelishi talab etildi. Yevropa Ittifoqi bu saylovni erkin va demokratik deb hisoblamasligini, Minskka qarshi yana sanksiyalar joriy etishini bildirdi.

AQSh va YeI saylovdan avval o‘z qarashini ma’lum qilib bo‘lgan. Belarusda mustaqil matbuot faoliyati taqiqlangan, muxolifat yo‘q, prezidentga qarshi fikrlilar qamoqda, qamoqxonalarda minglab siyosiy mahbuslar saqlanmoqda, deydi G‘arb vakillari.

Yevroittifoqning bosh diplomati Kaya Kallas Lukashenkoni qonuniyligi yo‘q, nolegitim prezident deb atadi.

Belarus xalqi oldida tanlov huquqi yo‘q, bu kun demokratiya va erkinlikni orzu qilganlar uchun achchiq kun, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski esa saylovchilarning “atigi 87,6 foizi” Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlaganidan hayratda qolganini aytdi. “Qolganlari-chi, qolganlar qamoqxonalarga sig‘adimi?” deya kinoya qildi vazir.

70 yoshli Lukashenko 2020 yildagi saylovdan keyin o‘z boshqaruviga qarshi ommaviy noroziliklarni kuch bilan bostirgandi. Muxolifat va G‘arb Lukashenko bu saylovda ovozlarni soxtalashtirganini aytgan. O‘shanda qamoqqa olingan minglab siyosiy faollar haliyam qamoqxonada. Ozodlikda yurganlari esa davlatdan tashqarida.

G‘arb jurnalistlari Minsk ko‘chalarida yurib, xalqning haqiqiy fikrini bilishga harakat qilgan. Agence France Presse jurnalistlari Belarus fuqarolari bilan gaplasharkan, ular qo‘rquv ortidan ham aynan Lukashenkoni qo‘llagan degan qarorga keldi. Chunki poytaxt aholisi ism-familiyasini aytishdan bosh tortgan, prezidentni tanqid qilishga jur’at qilolmagan. Chekka qishloqlar aholisi esa davlat rahbariga ishonishini aytgan.

The Guardian nashri e’lon qilgan maqolada kelishicha, 42 yoshli qishloqda yashovchi fermer 1 oy sut sotib, zo‘rg‘a 300 yevro pul topadi, lekin u Lukashenkodan rozi. 1994 yildan beri prezident ancha yaxshi ishlar qildi, deydi fermer. Aleksey ismli bu odam urushni xohlamasligini aytadi. Ya’ni Belarusni Ukrainadagidek urushdan Lukashenko asrab qolgan deb o‘ylovchilar ham talaygina.

Yuqorida aytilganidek, saylovda Belarusning xorijdagi fuqarolari ovoz berolmadi. Aniqrog‘i, kim ovoz berish istagida bo‘lsa, davlatga kelishi so‘raldi. Kun.uz bu bo‘yicha tushuntirish olish uchun Belarusning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan bog‘landi. Diplomatik missiyaning ma’lum qilishicha, bunga chet eldagi diplomatik korpus vakillari soni qisqargani, bundan oldingi saylovlarda boshqa davlatlar hududlarida yetarlicha xavfsizlik choralari ko‘rilmagani sabab bo‘lgan. Biz bilan gaplashgan diplomatning aytishicha, 2020 yilgi saylovda xorijda yashovchi fuqarolarning 1 foizi ham ovoz berishga chiqmagan.

Bu yilgi xorijda saylov uchastkalarini tashkil etmaslik bo‘yicha qonuniy asos 2023 yilda yozib qo‘yilgandi. Aslida esa bugun xorijda yashovchi Belarus fuqarolari prezidentni yoqtirmasligi, unga qarshi kayfiyatda ekani sir emas.

Xalqaro kuzatuvchilar fikriga to‘xtalsak, albatta, hamma og‘zidan bol tomib maqtayapti, chunki faqat shunaqalar chaqirilgan. Davlat nashrlari 2 kundan beri saylovlar o‘ta demokratik ruhda o‘tayotgani, qolgan gaplar yolg‘on ekanini yozish bilan band. Masalan, “Belarus Segodnya” maqolasida kelishicha, 50 davlatdan 500 dan ortiq kuzatuvchi guvohligidagi saylov o‘ta demokratik va kuchli raqobat fonida o‘tgan. Belarusni erkin saylov o‘tkazmaslikda ayblash – quruq tuhmat, deb yozadi nashr.

Xitoydan kelgan kuzatuvchilar ham hammasi ajoyib o‘tgani, saylov uchastkalaridagi komissiya a’zolari ishiga o‘ta mas’uliyat bilan yondashgani, saylovchilarga barcha ma’lumotlarni yetkazgani, erta tongdan ovoz berish uchastkalari odamga to‘laligini ta’kidlagan.

Saylov kunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida BBC jurnalisti Stiv Rozenberg qator savollari bilan Lukashenkoni noqulay ahvolda qoldirgan, lekin prezident ham jurnalistning og‘zini yopgan.

“Ko‘p saylovlarni yoritganman, bosh vazirlar, prezidentlar saylov uchastkasida yig‘ilib, ovoz bergach jurnalistlarning ba’zi savollariga javob berishardi. Ammo Minskdagi siz bo‘lgan saylov uchastkasidagi vaziyat birinchisi, bunaqasini avval ko‘rmaganman. Sizning raqiblaringiz sizni maqtayapti, ular siz taraf”, dedi jurnalist. Lukashenko esa uning ustidan kulgandek qilib: “Ha, bu sen uchun yangi tajriba” deya javob berdi.

Stiv gapini davom ettirdi: “Asosiy raqiblaringiz yoki qamoqda, yoki surgunda. Qanday qilib bu saylovni demokratik deb ataysiz?”

“Ha, ba’zilari qamoqda, ba’zilari surgunda. Lekin siz shu yerdasiz, – javob qaytardi prezident. – Har kim tanlash huquqiga ega, bu demokratiya. Kimdir qamoqni tanlaydi, kimdir surgunni. Biz hech qachon ularni majburlamaganmiz”.

BBC jurnalisti Lukashenkoning yaqinda aytgan odamlarning og‘zini yopmaslik kerakligi haqidagi gapini eslatdi. Prezident esa: “Qamoq katta, qonunni buzganlar kiraveradi. Qamoqxonalar Yevropa yoki Amerikada yo‘qmi? Har qanday davlatda qonun buzilsa, uning oqibatlarini o‘sha odam ko‘tarishi kerak”, deya javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yildagi saylovdan keyin Belarusni ommaviy namoyishlar qamrab olgan, Lukashenko esa qo‘lida avtomat ko‘tarib, Rossiya yordamida kuch bilan bostirgandi. Bu lavozimga kelganiga 31 yil bo‘lgan Lukashenko 2030 yilgacha yana prezident bo‘ladigan bo‘ldi. Hamkasblari uni g‘alabasi bilan tabriklamoqda.

Shohrux Majidov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: