Singapurda 2026 yil o‘rtalaridan boshlab haydovchisiz boshqariladigan jamoat transportlari qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat hukumati ma’lum qildi.
Haydovchisiz boshqariladigan avtobuslar ommaviy joriy etilishdan oldin sinov tariqasida qator hududlar bo‘ylab harakat qiladi.
«2026 yil o‘rtalaridan avtonom avtobuslar haydovchi tomonidan boshqariladigan mavjud avtobus yo‘nalishlarida qatnovlarni boshlaydi. Pilot sinovlari uch yil davom etadi», — deyiladi Yerusti transporti boshqarmasi xabarida.
Dastlabki bosqichda kamida 16 ta o‘ringa mo‘ljallangan oltita haydovchisiz boshqariladigan avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Avvaliga ularning bortida «xavfsizlik operatori» sifatida haydovchi ham bo‘ladi. Keyingi bosqichda esa ularning harakati masofadan turib boshqariladi.
2018 yilda Bloomberg Singapurda haydovchisiz boshqariladigan avtobuslarni sinovdan o‘tkazish uchun ochilgan mini-shahar suratini e’lon qilgandi.
Singapurda 2016 yilda dunyodagi birinchi bepul haydovchisiz taksi paydo bo‘lgan — loyiha muallifi nuTonomy kompaniyasi. 2018 yilning yanvarida esa mamlakatda 20 soniya davomida quvvat oluvchi fransuz elektroavtobusi sinovlari bo‘lib o‘tgan edi.