25 yanvar, shanba kuni kechqurun Krasnodar markazida uchta restoran yonib ketdi. Mahalliy politsiyaning aytishicha, o‘t qo‘ygan shaxs telefon firibgarlari tomonidan nishonga olingan 19 yoshli bola bo‘lgan. U o‘z navbatida ma’lum bir «ukrainalik mutaxassis»ning buyrug‘ini bajarganini aytdi.
Bir soat ichida uchta restoran yonib ketdi
"Kuban 24" telekanali xabar berishicha, uchta restoran ham bir-biriga yaqin joyda joylashgan va bir soat ichida yonib ketgan. Avvaliga shahar markazidagi Krasnaya ko‘chasida joylashgan "MyasoLove" restoranida yong‘in chiqqan. Voqea guvohlarining 93.ru Telegram-kanaliga ma’lum qilishicha, binoga niqobli erkak kirib, ryukzak uloqtirgan va u darhol yonib ketgan. 50 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Voqea joyiga tezda yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishdi.
Oradan 20 daqiqa o‘tgach, "MyasoLove"dan 350 metr uzoqlikdagi Severnaya ko‘chasida "Gus" restorani yonib ketdi. O‘t o‘chiruvchilar yetib kelguniga qadar yong‘in o‘chirildi. 37 kishi evakuatsiya qilindi. Yana 40 daqiqadan so‘ng "Gus"dan 600 metr uzoqlikdagi Krasnaya ko‘chasida joylashgan "Bumbarash" nomli uchinchi muassasa yonib ketdi. Yong‘in 10 daqiqa ichida, o‘t o‘chiruvchilar yetib kelguniga qadar o‘chirildi. 15 kishi evakuatsiya qilingan.
Ichki ishlar vazirligi: Yong‘inlarni «ukrainalik mutaxassis» keltirib chiqargan
Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha bosh boshqarmasi 26 yanvar, yakshanba kuni ertalab o‘t qo‘ygan shaxsni aniqlagani haqida xabar berdi. U Krasnodar o‘lkasining Dinskiy rayonida yashovchi 19 yoshli yigit bo‘lib, «akkaunti buzib kirilib, shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanish bilan qo‘rqitilgan, u noma’lum shaxslar ko‘rsatmasi bilan o‘t qo‘ygan», — dedi kuchishlatar tizim xodimlari.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, yigitni restoranlardan birining xodimlari qo‘lga olgan. Ular «Bumbarash» xodimlari bo‘lgan, deb yozadi 93.ru Telegram-kanali.
To‘rt soatdan keyin politsiya restoranga o‘t qo‘yish holatlarini kamera oldida tan olgan va Ukraina bunda ishtirok etganini da’vo qilgan yosh yigitning videosini e’lon qildi. Yozuvda qo‘lga olingan shaxs uchinchi restoran nomini noto‘g‘ri talaffuz qiladi va «Meni ukrainalik mutaxassis yuborgan» iborasidan so‘ng videodagi ovoz bir necha soniya davomida yo‘qoladi. Keyin yigit unga 35 ming rubl va qochish imkoniyati va’da qilinganini aytadi. Ichki ishlar vazirligi ishni tergovchilarga topshirganini ma’lum qildi.