Kaliforniya shtati davlat kotibi Shirli Veber Kaliforniyaning AQSh tarkibidan ajralib chiqishi haqidagi petitsiyani ma’qulladi, deb yozdi Newsweek.
Uni 2028 yilgi saylov byulleteniga kiritish uchun 2025 yil 22 iyuliga qadar 546 651 dona imzo to‘planishi kerak, deb qayd etdi nashr.
«Calexit» deb nomlangan tashabbus mualliflari tomonidan qo‘yilgan savol quyidagicha: «Kaliforniya Qo‘shma Shtatlardan ajralib, erkin va mustaqil davlat bo‘lishi kerakmi?»
Calexit saylovchilarning kamida 55% yoki ro‘yxatga olinganlarning 500 mingdan ortig‘i tomonidan 50% davomat bilan ma’qullanishi kerak. Agar bu sodir bo‘lsa, «Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishonchsizlik votumi» bildirilgan hisoblanadi va «Kaliforniya aholisining mustaqil davlat bo‘lish istagini» ifodalaydi.
Newsweek qayd etganidek, ovoz berish natijalari yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va federal hukumat uchun majburiy emas.
Kaliforniyaning Calexit mustaqillik harakati avval ham bo‘lgan va Donald Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozongach mamlakatdan ajralib chiqish sa’y-harakatlarini kuchaytirayotganini e’lon qildi.
Amerika qonunchiligida shtatning ajralib chiqish mexanizmi ko‘zda tutilmagan. 1869 yilda, Amerika fuqarolar urushidan so‘ng, Oliy sud shtatning AQSh tarkibiga qabul qilish aktini «qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish imkoniyatisiz» yakuniy deb e’lon qilgan.
Kaliforniya an’anaviy «demokratik» shtatdir. 5 noyabr kuni o‘tkazilgan saylovda kaliforniyaliklar Demokratik partiya nomzodi, sobiq vitse-prezident Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatladi. U 58,5 foiz ovoz to‘pladi, Tramp esa 38,3 foiz.
Oxirgi marta faollar 2016 yilda, Tramp Oq uyga birinchi marta kirganida Kaliforniyaning AQSh tarkibidan ajralib chiqishini faol targ‘ib qilgan edi.