Finlandiya hukumati chet el fuqarolarining doimiy yashash guvohnomalarini olish talablarini kuchaytirish uchun qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda mamlakat IIV matbuot xizmati xabar berdi.
«Hukumat dasturining maqsadi — muhojirlarni fin jamiyati qoidalariga roiya qilishga, ishlashga va til o‘rganishga undash. Muvaffaqiyatli integratsiya doimiy yashash guvohnomalarini olish uchun zamin yaratadi», — deydi ichki ishlar vaziri Mari Rantanen.
Doimiy yashash ruxsatnomasini olish uchun respublikada uzluksiz yashash muddatini to‘rt yildan olti yilgacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Olti yillik muddatdan keyin ariza beruvchi ikkita davlat tili — fin va shvedchani yetarlicha yaxshi bilishini isbotlashi kerak. Shuningdek, undan kamida ikki yillik ish tajribasiga ham ega bo‘lish talab etiladi.
Doimiy yashash ruxsatnomalarini to‘rt yil yashagandan keyin ham olish mumkin, ammo buning uchun qator shartlarni bajarishga to‘g‘ri keladi: yillik daromad kamida 40 ming yevroni tashkil etishi kerak; u Finlandiyada tan olingan oliy ta’lim darajasiga ega bo‘lishi yoki Finlandiyada aspiranturani tamomlashi va ikki yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi lozim; arizachi fin yoki shved tilini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi va uch yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak.
Barcha holatlarda ish staji mavjudligi talab qilinadi. Shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar uchun talablar kuchaytiriladi.