“Avval oyiga 20-25 mingta karta sotilgan, yanvarda esa kuniga shuncha xarid qilindi” - ATTO ijrochi direktori

Jamiyat 18:44 / 27.01.2025 8593

Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘lkirani naqd pulda taqiqlangani ortidan 2025-yil 1-yanvardan transport kartalariga ehtiyoj ortib ketdi. Buning ortidan hatto transport kartalari olibsotarlari paydo bo‘ldi. To‘lovlarni elektronlashtirishning yangi bosqichiga o‘tishda yuzaga kelayotgan muammolarga avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori bo‘lgan ATTO kompaniyasi qanday yechimlarni ishlab chiqmoqda? Kompaniya ijrochi direktori Davron Shoyoqubov Kun.uz’ga bu haqida gapirib berdi.

Transport kartalariga talabning ortishiga mos ravishda kassalarni ta’minlash uchun tashkilot qanday tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi?

– Kartalarni yetkazib berish bo‘yicha yil boshiga belgilangan reja avvalgi davrga nisbatan 3 barobarga ko‘p edi. Biroq sotuvlar kutilganidan ziyodroq bo‘ldi. 2024 yilda jami 250 ming, dekabr va yanvar oyining birinchi 20 kunida esa 150 ming transport kartasi iste’molchilar tomonidan xarid qilindi. Avvallari oyiga 20-25 mingtadan sotilgan bo‘lsa, yanvarga kelib mazkur hajm kunlik sotuvlar ko‘rsatkichiga aylandi.

Oy boshidan beri 200 mingta karta muomalaga chiqarildi, yanvar oxiriga qadar yana 150 ming kartani yo‘lovchilarga yetkazib berish reja qilingan. Umumiy hisobda yanvar-fevral oylari uchun 350 ming dona transport kartalarini chiqarish ko‘zda tutilgan. Kartalar kassalarga doimiy ravishda taqdim etiladi, bunda ularning soni mavjud talabga muvofiq belgilanadi.

To‘lov kartalari kassalarga yetkazib berilayotganiga qaramay, tez tugab qolyapti. Bu borada ijtimoiy tarmoqlarda aholi tomonidan bildirilayotgan turli e’tirozlarni ham ko‘rish mumkin. Jarayon faqat talabning keskin o‘sishiga bog‘liqmi?

– Murojaat markazimizga "kartalarni topib bo‘lmayapti, ko‘chada esa ular qimmat narxlarda sotilyapti” degan shikoyatlar kelib tushyapti. Bu chayqovchilik mexanizmlari qo‘llanayotgani bilan bog‘liq. Bir iste’molchi 20 dan ortiq yoki kassadagi hamma kartani sotib olgan holatlar uchramoqda. Xususan, kartalarni o‘z narxida xarid qilib, kassada qolmaganidan keyin ko‘chada ularning narxini sun’iy oshirib, 30-50 mingdan taklif qilyapti.

Shu kabi holatlarning oldini olish uchun bir foydalanuvchiga ikki donadan ortiq karta sotilmasligi bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilyapti. Bu chayqovchilik harakati va nofaol kartalar soni ko‘payishining oldini oladi. 15 yanvar holatiga 360 mingta karta tizimda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 80 mingtasi faol holatda emas, ya’ni to‘lov jarayonida foydalanilmayapti.

ATTO kartalari orqali to‘lov amalga oshirilayotganda u validator tomonidan o‘qilmay qolayotgan holatlar ham uchramoqda. Bunday vaziyat nima sababdan yuzaga keladi, masalani bartaraf etish uchun yo‘lovchilar kimga murojaat qilishi zarur?

– Bunga birinchi navbatda kartaning texnik nosozligi ya’ni magnit tasmasi yoki chipi zarar ko‘rganligi sabab bo‘lishi mumkin. Noto‘g‘ri sharoitda saqlash (egish, namlash, yuqori haroratda ushlash) uni ishdan chiqaradi. Bundan tashqari, kartada to‘lovni amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmasa, validator uni o‘qimaydi.

Jamoat transportidagi validatorlarda texnik nosozlik yuz berganda yoki dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lganda karta ishlamay qoladi. Shu bilan birga, yangi xarid qilingan kartalar ba’zan tizimda to‘liq aktivlashtirilmagani tufayli ishlamay qolayotgan holatlar ham mavjud.

Muammoni bartaraf etish uchun karta sotib olingan joy (metropoliten kassasi yoki pochta bo‘limi)ga borib, uni tekshirtirish kerak. Kartani yangilashga zarurat yuzaga kelgan bo‘lsa, xodimlar almashtirish xizmatini taqdim etadi. Shuningdek, bunday holatlarda karta balansini tekshirib, mablag‘ qolmagan bo‘lsa to‘ldirish, validator ishlamayotgan bo‘lsa, jamoat transporti haydovchisiga yoki nazoratchisiga xabar berish, masala bartaraf etilmasa, transport kompaniyasining “Call center” yoki shikoyatlar uchun mo‘ljallangan maxsus xizmatiga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Ishdan chiqqan transport kartasini almashtirish va undagi mablag‘ni yangi kartaga o‘tkazib olish mumkinmi? Bu xizmat pullimi?

– Hozirgi vaqtda ATTO tizimi pul mablag‘larini bir kartadan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazishni ta’minlamaydi. Bu tizimning texnik xususiyatlari va xavfsizlik choralari bilan bog‘liq. Eski karta yo‘qotilmagan bo‘lsa, mablag‘ni ko‘chirishning iloji bor. Bunda ishlamayotgan karta hamda yangi kartani tegishli joy (bank bo‘limi yoki xizmat ko‘rsatish markazi)ga olib borib, mas’ul xodimlar bilan bog‘lanib, mablag‘ni yangi kartaga o‘tkazish so‘raladi. Xodimlar bank tizimi orqali eski kartadagi qoldiq mablag‘ni yangi kartaga ko‘chiradi, xizmat – bepul. Agar eski karta yo‘qotib qo‘yilgan va uning ma’lumotlari saqlanmagan bo‘lsa, ichidagi balansni o‘tkazib olishning imkoni mavjud emas.

To‘liq intervyuni Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: