Ukraina qo‘shinlari Ryazan va Bryanskdagi Rossiya armiyasiga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi obektlarga uchuvchisiz uchoqlardan zarbalar berdi, deb xabar qildi 24 yanvar, juma kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi.
«2025 yil 24 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) va Ukraina Qurolli kuchlarining Maxsus operatsiyalar kuchlari (SSO) uchuvchisiz uchoqlari Mudofaa kuchlarining boshqa bo‘linmalari bilan birgalikda Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladigan obektlarga zarba berdi», — deyiladi bayonotda. Zarbalar natijasida Ryazan neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish obektlarida va Ryazan neft nasos stansiyasida yong‘inlar sodir bo‘ldi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Bryanskdagi "Kremniy El" mikroelektronika zavodi ham zarar ko‘rgan. «Bu Rossiya mikroelektron sanoatining asosiy korxonalaridan biridir. Zavod strategik ahamiyatga ega qurol tizimlarida, xususan, "Topol-M", "Bulava" raketa tizimlarida, S-300 va S-400'da, shuningdek, jangovar samolyotlarning bort elektronikasida qo‘llaniladigan keng turdagi mikrosxemalar va butlovchi qismlarni ishlab chiqaradi», deya ta’kidladi Ukraina Qurolli kuchlari va zarbalar natijalariga aniqlik kiritilayotganini qo‘shimcha qildi.
Ryazan issiqlik elektr stansiyasi nishonga olindi
DW media-kompaniyasining SBUdagi manbalari ta’kidlaganidek, Ryazan neftni qayta ishlash zavodi yiliga 17 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega Rossiyadagi eng yirik zavodlardan biri hisoblanadi. «U yerda kamida uchta rezervuar yonmoqda. Bundan tashqari, dron zarbalari natijasida kelib chiqqan yong‘in dizel yonilg‘isi va aviakerosinni gidrotozalash moslamasi o‘rnatilgan ustaxonani qamrab olgan. Mahalliy aholi 50 dan ortiq portlashni qayd etgan», — deya qayd etdi maxsus xizmat.
Bundan tashqari, SBU manbasiga ko‘ra, dronlar Ryazan issiqlik elektr stansiyasiga (IES) urilgan. «SBU Mudofaa kuchlari bilan birgalikda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalari va neft sektoriga qarshi samarali dron sanksiyalarini joriy etishda davom etmoqda. Dushmanning harbiy salohiyatini zaiflashtirish bo‘yicha ishlar davom etadi», — deyiladi maxsus xizmat xabarida.
Rossiya Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, 24 yanvarga o‘tar kechasi Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Rossiyaning barcha chegaradosh mintaqalariga, shuningdek, Tula va Moskva oblastlariga hujum qilgani, Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari 121 ta uchuvchisiz uchoqni urib tushirganini ma’lum qildi.