Jahon | 17:15 / 25.01.2025
5893
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp jamoasida ixtilofga olib kelgan birinchi masala ma’lum bo‘ldi

Siyosatchi tarafdorlari boj tariflari bo‘yicha yakdil fikrga ega emas, bu birinchi ixtilof ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: Mark Schiefelbein/AP

Tramp jamoasi ikki lagerga bo‘lindi: birinchisi bozor ishtirokchilarini qo‘rqitmaydigan va inflatsiyaning o‘sishiga olib kelmaydigan boj tariflarini bosqichma-bosqich joriy etish tarafdori, ikkinchisi – keng qamrovli boj tariflarini istamoqda, deb yozdi Politico.

Bojlarni joriy etish bo‘yicha noaniqlik AQSh prezidenti Donald Tramp jamoasidagi birinchi kelishmovchilik bo‘ldi, deb yozdi nashr bu boradagi muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib.

Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa, import qilinadigan barcha toifadagi tovarlarga 20 foizlik boj joriy etishga va’da bergan edi. Biroq, lavozimga kirishgach, u bu tashabbusni amalga oshirishni darhol boshlamadi, bu esa buni qachon va qanday amalga oshirish to‘g‘risida qaror yo‘qligini ko‘rsatadi, deya ta’kidladi nashr manbalari.

«Yaqin bir necha oy ichida tariflar bo‘ladi - keng qamrovli, universal tariflar», dedi Politico manbalaridan biri. «Tom ma’noda, agar siz shunchaki Trampni tinglasangiz, u faqat shu haqida gapirmoqda».

Ikkinchi suhbatdoshning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti «universal tarifni jiddiy qabul qilyapti». Qolgan tariflar bo‘yicha Tramp jamoasi ikki lagerga bo‘lingan. Birinchisi, Moliya vaziri va Iqtisodiy maslahatchilar kengashi raisi lavozimiga nomzodlar Skott Bessent va Kevin Xasset bo‘lib, ular savdoga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va bozorlarni qo‘rqitmaydigan yoki inflatsiyaga olib kelmaydigan bosqichma-bosqich tariflarni yoqlamoqda.

Ikkinchi lager a’zolari orasida ma’muriyat boshlig‘i o‘rinbosari Stiven Miller, savdo va ishlab chiqarish bo‘yicha katta maslahatchi Piter Navarro va Savdo vakili lavozimiga nomzod Jyeymison Grir bor. Ular kompleks tariflarni joriy etish tarafdori.

Tramp inauguratsiyadan keyin 1 fevralgacha Kanada, Meksika va Xitoydan keladigan tovarlarga tariflar joriy etilishini e’lon qildi. U noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar savdosidagi roli tufayli Pekin uchun bu ko‘rsatkich 10 foizga, Ottava va Mexiko uchun esa 25 foizga yetishini aytdi.

Mavzuga oid