«Tirilgan» HAMAS qo‘mondoni, Isroilga yordam bergan sun’iy idrok va muzokaralarga tayyor Kreml - kun dayjesti

Jahon 13:29 / 25.01.2025 13884

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azo: garovdagi ayollar o‘rniga 4 askar

HAMAS 25 yanvar kuni to‘rt nafar garovga olingan ayol ro‘yxatini e’lon qildi. Times of Israel ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatda Isroil harbiy xizmatchilarining ism-shariflari ko‘rsatilgan. Bu esa o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining buzilishi sifatida baholanmoqda, chunki kelishuvga ko‘ra, avval garovda ushlab turilgan ayollar, erkaklar, undan keyin harbiylar ozod qilinishi kerak edi.

Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra HAMAS tomonidan ozod qilinadigan harbiylar evaziga ko‘proq falastinlik mahbuslar ozod qilinadi. Ammo ozod etilishi kerak bo‘lgan ro‘yxatdagi ayollar tirik emasligi ehtimoli katta deyilmoqda.

19 yanvarda HAMAS ilk marta 4 nafar garovga olingan ayolni ozod qilgan edi. Isroil esa buning javobi sifatida 90 nafar falastinlikni ozod qildi.

Hozirda HAMAS 94 nafar isroillikni garovda ushlab turibdi va Isroil 1900 ga yaqin falastinlik mahbusni ozod qilishni rejalashtirmoqda.

Isroil «o‘ldi» degan HAMAS qo‘mondoni tirik

HAMAS harbiy brigadalaridan biri — Bayt Hanun batalyoni qo‘mondoni Husayn Fayyod hayot ekani ma’lum bo‘ldi. Isroil armiyasi uni 2024 yil may oyida o‘ldirilgan deb e’lon qilgan edi. Ammo Falastinning Arab48 nashri tarqatgan videoda u o‘tgan kuni G‘azoning shimolidagi dafn marosimida ko‘rinish bergan.

Fayyod o‘z nutqida G‘azo qarshiligini maqtab, Isroilning operatsiyalarini «besamar» deb atagan. Isroil armiyasi esa o‘z bayonotida Fayyodning o‘ldirilgani haqidagi ma’lumot yanglish razvedka ma’lumotlariga asoslanganligini tan oldi.

Isroil avval Fayyodni Jabaliyadagi tunnellardan birida o‘ldirilgan deb xabar qilgan edi.

Bayt Hanun batalyoni haqidagi taxminlar ham yanglish bo‘lib chiqqan. Isroil manbalarga ko‘ra, batalyon kutilganidan ko‘ra ko‘proq himoya qobiliyatini namoyon qilgan va 2025 yil yanvar oyida Isroil kuchlariga jiddiy zarar yetkazgan.

Google TSAHALga SI orqali yordam bergan

Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, Google 2023 yil oktyabrida G‘azoga qilingan hujumlardan so‘ng Isroil mudofaa vazirligiga sun’iy intellekt texnologiyalari va instrumentlariga kengroq kirish imkonini taqdim etgan. Bu texnologiyalar «Nimbus» deb nomlangan 1,2 mlrd dollarlik loyiha doirasida amalga oshirilmoqda.

Hujjatlarga ko‘ra, Isroil armiyasi Google’ning Vertex AI platformasidan foydalanish imkoniyatini olgan, bu ularga o‘z ma’lumotlarini SI algoritmlari bilan tahlil qilish imkonini bergan. 2024 yil noyabrida Gemini AI texnologiyasidan foydalanish bo‘yicha ham so‘rov berilgan.

Google bu borada ichki noroziliklarga ham duch kelgan. Nyu York va Kaliforniya ofislarida «Nimbus» loyihasiga qarshi aksiyalar o‘tkazgan 50 xodim ishdan bo‘shatilgan.

Kreml muzokaralarga tayyorligini bildirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini bildirib, bir qator bayonotlar berdi. Uning aytishicha, Kiyev o‘zi muzokaralardan chetlatgani sababli, hozirgi paytdagi har qanday muzokaralar yoki ularning natijalari noqonuniy deb tan olinishi mumkin.

«Kiyevdagi rejimning amaldagi rahbari, hali lavozimda qonuniy bo‘lganida muzokaralarni taqiqlovchi farmon chiqargan. Agar muzokaralar taqiqlangan bo‘lsa, endi qanday qilib muzokaralarni davom ettirish mumkin?» — degan u.

Putin Rossiya hech qachon AQSh ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirishdan bosh tortmagani, avvalgi ma’muriyat bu aloqalarni rad etgani ruslarning aybi emasligini ham ta’kidlagan.

«Tramp bilan munosabatlar ishonchli va ishbilarmonlarcha bo‘lgan. Tramp 2020 yilgi saylovda g‘alabani qo‘lga kiritganida, ehtimol, 2022 yilda Ukrainadagi urush boshlanmagan bo‘lardi. Biz Trampning hamkorlikka tayyorlik bayonotlarini kuzatmoqdamiz va har doim ochiqmiz».

Putinning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlar «bugungi kun voqeligidan kelib chiqib, uchrashib, AQSh va Rossiyani qiziqtirgan barcha sohalar bo‘yicha tinchgina gaplashib olsa», yaxshi bo‘lardi.

«Biz tayyormiz», degan Rossiya prezidenti va birinchi navbatda, bunday uchrashuv ehtimoli «Amerikaning amaldagi ma’muriyati qarorlari va tanloviga bog‘liq»ligini ta’kidlagan.

Trampning farmoni Ukrainaga ta’sir qilmaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan tashqi yordam dasturlarini to‘xtatish haqidagi farmon Ukrainaga qurol yetkazib berishga ta’sir qilmaydi. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, farmon faqat rivojlanish dasturlariga taalluqli bo‘lib, harbiy yordamni o‘z ichiga olmaydi.

Shu tariqa, Ukraina uchun Ukraine Security Assistance Initiative (USAI) dasturi bo‘yicha oldingi ma’muriyat tuzgan qurol-yarog‘ yetkazib berish shartnomalari kuchida qoladi. Shuningdek, Prezident Bayden davrida Presidential Drawdown Authority (PDA) dasturi orqali amalga oshirilgan yetkazib berishlar ham farmon doirasiga kirmaydi.

Gosdep ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon AQSh Ukrainaga harbiy yordam uchun qariyb 66 mlrd dollar sarflagan.

Tramp 20 yanvar kuni lavozimga kirishganidan so‘ng 90 kunlik tashqi yordamni to‘xtatish haqidagi farmonni imzoladi. Tramp bu yordamlar yangi ma’muriyat siyosiy maqsadlariga nechog‘lik mosligini qayta ko‘rib chiqish taqozo etilayotganini bildirdi.

Tramp Kennedi o‘limiga oid arxivlarni ochmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp aka-uka Kennedilar va Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishiga oid barcha hujjatlarni oshkor qilish to‘g‘risida farmon imzoladi. Unga ko‘ra, ushbu tarixiy voqealar bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar ommaga taqdim etiladi.

Jon Kennedining o‘limiga oid 1964 yildagi rasmiy surishtiruvga ko‘ra, uni Li Harvi Osvald — sobiq dengizchi va SSSRda yashagan shaxs — yolg‘iz amalga oshirgan.

Jonning akasi, AQShning sobiq bosh prokurori Robert Kennedi esa 1968 yil 5 iyun kuni prezidentlikka nomzod bo‘lgan vaqtida Los Anjyelesda o‘ldirilgan.

Fuqarolik huquqlari harakati yetakchisi Martin Lyuter King 1968 yil 4 aprelda Tennessida namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun borganida oq tanli irqchi tomonidan o‘ldirilgan.

Sud Trampning farmonini vaqtincha to‘xtatdi

Federal sudya Donald Trampning tug‘ilganlik fakti bo‘yicha avtomatik fuqarolik huquqini cheklashga oid farmonini vaqtincha to‘xtatdi. Sud bu tashabbusni «qonunga mutlaqo zid», deb baholadi.

Sietldagi sudya Jon Koenor farmonga qarshi Vashington, Arizona, Illinoys va Oregon shtatlarining talabini qondirib, vaqtinchalik taqiq qarorini chiqardi. Tramp ushbu farmonni lavozimga qaytgan kuni imzolagan edi.

Bu qaror Trampning immigratsiya siyosatidagi qat’iy qadamlariga qo‘yilgan ilk yuridik to‘siq bo‘ldi. Tramp sud qaroriga nisbatan «apellyatsiya beriladi» deb izoh berdi.

Trampga yana saylanish imkoniyati taklif qilindi

Tennessi shtatidan kongressmen Endi Ogls AQSh prezidenti Donald Trampga uchinchi muddatga saylanishga ruxsat berish tashabbusini ilgari surdi. Fox News telekanalining xabar qilishicha, Ogls prezidentlik muddatini cheklaydigan 22-tuzatishga o‘zgartirish kiritishni taklif etgan.

1951 yildan buyon AQSh Konstitutsiyasiga muvofiq, prezident ikki muddatdan ortiq lavozimni egallashi mumkin emas. Oglsga ko‘ra, Tramp «Amerikani buyuklikka qaytara oladigan yagona shaxs» bo‘lib, unga uchinchi prezidentlik muddatini berish lozim.

Bu taklif amalga oshishi uchun Konstitutsiyaga tuzatish kiritish zarur. Ammo bu jarayon federal va shtatlar darajasida keng qo‘llab-quvvatlashni talab etadi, bu esa o‘ta murakkab ish hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: