AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni hali Oq uyga bormay turib bir kunda hal qilishini aytib katta ketgandi. Bu shunchaki blef ekani aniq edi, chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda kuzatilayotgan eng katta urushni bir kunda tugata oladigan faqat bir odam bor va bu Tramp emas. O‘sha odam xohlasa, urushni bir lahzada tugatadi, lekin u bunday qilmoqchi emas...
Tramp prezidentligining to‘rtinchi kuni o‘tdi, lekin qirg‘inbarot hamon tugagani yo‘q. Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini, Rossiya esa Ukrainani, Kiyevni va hatto G‘arbdagi Lvivni bombalashda davom etmoqda. To‘g‘ri, Tramp avvalo Amerika ichkarisidagi muammolarni hal qilib olishi kerak, lekin u prezidentlikka kirishishi bilan eng avval aynan Ukrainadagi urushni to‘xtatishini aytib katta gapirgandi.
«Agar Rossiya ko‘nmasa...»
Trampning aytishicha, u urushni to‘xtatish uchun ikki tomonga ham bosim o‘tkazadi. Rossiyadan urushni tezda tugatishni talab qiladi. Agar Moskva bunga ko‘nmasa, Rossiyadan AQShga kiradigan har qanday mahsulotga qo‘shimcha boj qo‘yiladi, shuningdek, yangi sanksiyalar joriy etiladi.
«Men ruslarga zarar yetkazmoqchi emasman, ularni yaxshi ko‘raman. Putin bilan ham munosabatlarimiz yaxshi, Rossiya 2016 yildagi saylovlarimizga aralashishga uringan bo‘lsa ham. Ikkinchi jahon urushini yengishimizda Rossiya bizga yordam berganini unutmaslik kerak. Iqtisodiyoti qulayotgan Rossiya va Putinga katta xizmat qilmoqchiman. Urushni hoziroq to‘xtatib, bu bema’ni mojaroga chek qo‘ying. Vaziyat yomonlashib boryapti.
Agar tez orada kelishuv imzolamasak, menda bojlar va sanksiya qo‘llashdan boshqa chora qolmaydi. Keling, bu urushni tugatamiz. Men prezident bo‘lganimda urush boshlanmasdi ham. Uni oson yoki qiyin yo‘l bilan tugatish mumkin va oson yo‘l – eng yaxshisi. Kelishish vaqti keldi. Ortiq odamlar o‘lmasligi kerak», dedi Tramp.
«U ham farishta emas»
Donald Trampning fikricha, urush boshlanishiga ikki tomon ham aybdor. Putin urushni boshlamasligi, Zelenskiy esa urushmasligi kerak ekan.
«Putin urushni boshlamasligi kerak edi. Lekin men bir kishini ayblamayman. Rossiya 850 ming, Ukraina 700 ming askarini yo‘qotdi. Zelenskiy haqida gapiradigan bo‘lsam, u kelishuv imzolamoqchi ekanini aytdi. Buni ancha oldin qilishi, urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi. U ham farishta emas. Avvalo o‘zidan ancha katta davlatga qarshi urushyapti. To‘g‘ri, u juda mardonavor turib berdi, lekin biz ularga milliardlab dollar pul berdik – 200 milliard dollar! Bu – butun Yevropa berganidan ham ko‘p.
Zelenskiy o‘zidan ancha qudratli tomon bilan urushyapti. Bunday qilmasligi kerak edi, chunki biz kelishuvga erishishimiz mumkin edi, bu arzimagan narsa bo‘lardi. Men osongina kelishardim. Zelenskiy urushaman, dedi. Lekin Rossiyada 30 mingta bronitexnika bor edi, Ukrainada esa deyarli hech narsa. Biz ularga qurol beraverdik, beraverdik, ular qurollarni qat’iyat bilan ishlatmoqda, lekin bu urushni tugatish kerak», dedi Tramp.
4 yillik tinchlik bo‘ladimi?
Rossiyalik muxolif siyosatchi Ilya Yashin Trampning chiqishlaridan xavotir bildirdi. Uning fikricha, Tramp ikki tomonga bosim o‘tkazish orqali mojaroni 4 yilga, ya’ni u prezident bo‘ladigan muddatda muzlatish haqida o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda Rossiya kuch to‘plab yana Ukrainaga hujum qilishi mumkin, Tramp urushni to‘xtatishni emas, o‘zini tinchlikparvar qilib ko‘rsatishni istamoqda, degan fikrda Yashin.
«Agar AQSh Ukrainani Rossiyaga «topshirsa», bu xalqaro tartibot barbod bo‘lishiga olib keladi. Dunyodagi odamlarda endi diktatorlar istagan narsasiga kuch bilan erisha olarkan degan tushuncha paydo bo‘ladi. Ukrainani egallasa, Putinning ishtahasi yanada ochiladi, u to‘xtamaydi va Boltiq bo‘yi davlatlariga, Polshaga, unga imkon berilgan hududgacha boraveradi. Bunga shubha qilmayman», dedi Yashin.
Siyosatchi dunyo uchinchi jahon urushiga juda yaqinlashgani, Putin bilan kelishuv uning boshlanishini tezlatishi mumkin ekanini aytdi.
Neft orqali bosim
Donald Tramp shu kunlarda urushni to‘xtatish uchun boshqa bir usuldan foydalanish mumkinligi haqida gapirdi. Davosdagi iqtisodiy forumda qatnashayotgan Tramp neft narxini tushirish ustida ishlayotganini aytdi. «Saudiya Arabistoni va OPEK neft narxini tushirishi kerak.
Narx tushsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tezda tugaydi», dedi Tramp. U hali bu gapni ayta boshlagan vaqtning o‘zida neft narxi 1 dollarga arzonladi.
Tramp shuningdek, urushni tugatishda Xitoyning yordamiga umid qildi. AQSh prezidenti tez orada Putin bilan ko‘rishib, kelishuv masalasini muhokama qilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev kelishuvga allaqachon rozi bo‘lgan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov