Unda sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi muhokamasi o‘tkazilib, meva-sabzavot mahsulotlarining xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish uchun tadbirkorlarning takliflari tinglandi.
Tadbirda qaror qabul qilinishi bilan, mahsulot narxining ko‘tarilishi, retaillar bilan ishlash tizimi yaratilishi va sohada bir qator yengilliklar kiritilishi kutilayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, zamonaviy qadoqlangan holda xo‘l meva-sabzavot, dukkakli va poliz mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlik sub’yektlari uchun foyda solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, shu bilan birga, zamonaviy qadoqlangan xo‘l meva-sabzavot, dukkakli va poliz mahsulotlari hamda qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini sotuvi bilan shug‘ullanuvchilar uchun ushbu mahsulotlarni soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumi jami tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 80 foizini tashkil etganda qo‘llanadi.
“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan zamonaviy qadoqlangan holda xo‘l meva-sabzavot, dukkakli va poliz mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlariga zamonaviy qadoq uchun kompensatsiya qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kalibrovka qilish hamda maxsus idishlarda qadoqlash loyihalari va aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun tadbirkorlik sub’yektlariga mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, mazkur qaror bilan bengilangan yangiliklar hayotga tatbiq qilinsa, mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining zamonaviy qadoqlanishi nafaqat mahsulotning tashqi ko‘rinishini yaxshilaydi, balki uning sifatini saqlash va eksportbopligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.