AQSh prezidenti Donald Tramp inauguratsiyasining ertasiga Xitoy va Rossiya yetakchilari Si Jinping va Vladimir Putin yaqin hamkorlikni yana bir bor tasdiqladilar. 21 yanvar, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videomuloqot chog‘ida Putin Rossiya-Xitoy hamkorligining xalqaro munosabatlardagi «muhim, barqarorlashtiruvchi roli» haqida gapirdi, deb xabar berdi Xitoy davlat telekanali CCTV.
Moskva va Pekin hamkorlikni kengaytirmoqchi
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti xitoylik hamkasbini «ishonchli hamkor» deb ta’riflagan. Bundan tashqari, Putin tashqi bosimga qaramay, «do‘stlik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash asosida» hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Xitoy rahbari Putinni o‘zining «eng yaxshi do‘sti» deb atagan va Moskva bilan munosabatlarda joriy yilda erishilishi kerak bo‘lgan «yangi cho‘qqilar» haqida gapirgan. «Tomonlar strategik muvofiqlashtirishni yanada chuqurlashtirishi, bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi va har ikki davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilishi kerak», dedi Si.
Kreml matbuot xizmati muloqot boshlanishi aks etgan videoni e’lon qildi. Unda Putin Si Jinpingni olqishlaydi va «o‘tgan davrdagi ish natijalarini sarhisob qilish hamda Rossiya-Xitoy keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi rejalarni belgilash» zarurligi haqida gapiradi. Bundan tashqari, u ikki davlatning «yirik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lishi kerakligi borasidagi qarashlari mos kelishini» qayd etadi. Suhbatning o‘ziga xos mazmuni haqida batafsil ma’lumot berilmagan.