AQSh prezidenti Donald Tramp yana Yevropa Ittifoqiga savdo bojlari joriy etish bilan tahdid qildi. «Ular bizga juda va juda yomon munosabatda bo‘lishdi. Shuning uchun ular bojlarga tayyor bo‘lishlari kerak. Bu adolatga erishishning yagona yo‘li», — dedi Tramp 21 yanvar, seshanba kuni Oq uydagi matbuot anjumanida.
Respublikachi savdo taqchilligidan noroziligini bildirdi va Yevropa Ittifoqi Amerika avtomobillari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishdan bosh tortayotganini qayd etdi. Avvalroq Tramp Yevropa Ittifoqi davlatlarini AQShdan neft va gaz importini oshirishga chaqirgan edi.
Donald Tramp prezident sifatidagi birinchi muddatida po‘lat va alyuminiy importiga qo‘shimcha bojlar joriy qildi, bu esa Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida keskin savdo mojarosiga olib keldi. Bunga javoban Yevropa Ittifoqi bir qator Amerika tovarlari, jumladan, Harley-Davidson mototsikllari va Levi Strauss kiyim-kechaklariga o‘zining maxsus bojlarini o‘rnatdi.
AQSh Xitoydan importga 10 foizlik bojlar joriy etishga tayyor
Donald Tramp, shuningdek, uning ma’muriyati 1 fevraldan boshlab Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizlik bojlar joriy etish masalasini muhokama qilayotganini aytdi. U bunga Xitoydan Meksika va Kanada orqali AQShga har yili minglab amerikalik fuqarolarning hayotiga zomin bo‘ladigan sintetik fentanil giyohvandlik moddasining kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilishini sabab qilib ko‘rsatdi.