Toshkentdagi davlat idoralarida har juma «Milliy liboslar kuni» o‘tkaziladi

Jamiyat 16:25 1301

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov «Toshkent shahrida milliylikni keng targ‘ib qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorda qayd qilinishicha, Toshkent shahrida milliylikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha Toshkent shahar ishchi guruhi tuziladi va «Milliy Toshkent» loyihasi tasdiqlanadi.

Ishchi guruhi milliy liboslar va milliylikni ommalashtirishga oid targ‘ibot materiallarini ishlab chiqish, ommaviy tadbirlar davrida milliy liboslar va milliylikning mavqeini mustahkamlanishini ta’minlash, milliy liboslar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, mavzuga oid o‘quv-seminarlari, tanlovlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish, qarorning bajarilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Qarordan kelib chiqqan holda, boshqarma va tashkilotlar, tuman hokimliklari targ‘ibot – milliy liboslar va milliylikning ijobiy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ma’rifiy, madaniy, axborot va reklama tadbirlarini amalga oshiradi. Milliy liboslarda yurishni, milliylikni targ‘ib qilishni va milliy madaniyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish choralarini ko‘radi.

Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari, boshqarma va muassasalarda milliylikni targ‘ib qilish yo‘nalishida haftaning har juma kuni «Milliy liboslar kuni» deb belgilanadi va barcha korxona, muassasa va tashkilotlarning jamoalarida targ‘ib qilinadi.

Toshkent shahar va tuman hokimliklari, hokimliklar qoshidagi boshqarma, tashkilot va bo‘limlar, boshqa davlat organlari va muassasalari xodimlari ish kunlarida milliy liboslarda yurishi tavsiya etiladi (tasdiqlangan xizmat kiyimlari bundan mustasno). Xodimlarning milliy liboslarda yurishi uchun alohida shart-sharoitlar yaratiladi.

Milliylikni targ‘ib qilish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan e’lon qilingan «Milliy liboslarimiz barchaga yarashadi» shiori ostidagi «Milliy trend chellendji» bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib boriladi.

Toshkentdagi har bir mahallada milliy urf-odatlar va an’analarni saqlash hamda targ‘ib qilish uchun milliy o‘yinlar, raqs va qo‘shiqlar to‘garaklari tashkil etiladi.

Milliy qadriyatlar va milliy liboslar mavzusida turli tanlovlar, viktorinalar, o‘yinlar hamda boshqa tadbirlar tashkil etilishi hamda ushbu ko‘rik-tanlov va «chellenj»lar o‘tkazilib, unda faol ishtirok etganlar hokimlik tomonidan munosib rag‘batlantirilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, qarorda «milliylik» va «milliy libos» to‘g‘risida batafsil tushuncha berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: