Oq uyga qaytgan Donald Tramp ilk ish kunida migratsiya siyosatini qattiqlashtirish bo‘yicha farmon imzoladi. U nolegal migrantlar oqimini to‘xtatish uchun hatto harbiylarni ham ishga solmoqchi. Kun.uz suhbatlashgan tahlilchilarga ko‘ra, AQSh prezidentiga bu va’dalarini to‘liq amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir nechta omillar bor.
Kamoliddin Rabbimov: AQShda o‘zaro tiyib turuvchi tizim mavjud va shtatlarning ham o‘z qonun-qoidasi bor. Mahalliy politsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri mahalliy mer yoki gubernatorga bo‘ysunadi. Federal hokimiyatning hukmi to‘liq o‘tmaydi. Imigratsiya masalalari, aytaylik deportatsiya qilish – mahalliy hokimiyatlarning vakolatiga kiradi.
Ba’zi shtatlar va shaharlar borki, ular liberalizm g‘oyalari tarafdori. Gubernatorlar orasida demokratik partiya vakillari ham bor va ular Donald Trampning aytganini yugurib borib qilmaydi. Masalan, Kaliforniya bu ancha liberal shtat, yoki shimoliy shtatlar bor, ular liberal shtatlardir. Aytaylik, Chikago yoki Los-Anjyeles kabi shtatlarning gubernatorlari ham Tramp qarorlariga qarshi chiqishi mumkin.
Tramp avvalgi prezidentlik davrida ba’zi musulmon davlatlardan keluvchi fuqarolarning Amerikaga kelishini taqiqlovchi qaror chiqargan edi. Lekin oddiy prokurorlar va sudyalar ham Amerikada bunday ishlarni osonlik bilanoq to‘xtatib qo‘ya oladi. Shunday mexanizm shakllangan: masala pingpong bo‘lib, sekin-asta tepaga chiqadi va oxirgi so‘zni prezident emas, Oliy sud aytadi.
Bu safar Oliy sudda konservativ sudyalar ko‘proq. Lekin ular xohlaganicha siyosiy o‘yin qilib tashlay olmaydi. Qonunchilik falsafasi bor. Shuning uchun Donald Trampning aytgani yuz foiz, silliq o‘tadi degan emas,
Islomxon Gaffarov: Tramp nega chegaraga askarlarni yuboraman, deb aytdi? Chunki mahalliy hukumatlarning hammasi ham Trampning qarorini yoqlamayapti. AQSh tarixida bunday holatlar avval ham bo‘lgan: masalan, prezident Kennedi yoki Klinton davrida, hukumatlar mahalliy masalalarga yechim topmagan vaqtda prezidentlar masalani hal etishga armiyani jalb etgan. Bu safar ham Tramp milliy gvardiyani jalb etmoqchi.
AQShda tiyib turish va muvozanatlash prinsipi ishlaydi. Mahalliy hokimiyatlar va kengashlar federal markazga bo‘ysunmasligi markaz tomonidan ana shunday harakatlarga sabab bo‘ladi. Bu masala ancha vaqtdan buyon ko‘tarib kelinyapti. Mahalliy hokimiyatlar shunga yo‘l ochib beryapti, ya’ni ayrim shtatlar bu borada markaz bilan hamfikr.
Tramp harbiylarni ham jalb etishini aytishi bilan, bu masalaga qanchalik jiddiy qarayotganini ko‘rsatyapti. U ilk ish kunida Meksikadagi narkokartellarni terroristlar deb e’lon qilish haqidagi hujjatni ham imzoladi. Mana shu harakatlari Meksika tarafidan AQShga kirish urinishlarning ma’lum bir qismini, 10-15 foizini qo‘rqitib, ularni to‘xtatishi ham mumkin.
Farhod Karimov: Tramp migratsiya masalasida aytganlarini amalga oshira olishi u darajada qiyin emas. 2009 yilda ham xuddi shunday qarama-qarshilikka qaramasdan, Meksika bilan chegarada devor qurilishi boshlangan edi. Agar Tramp yana to‘rt yilga saylanganida, balki bu devorning salmoqli qismi qurib bitirilgan bo‘lardi. Shuning uchun bunga juda ham amalga oshirish qiyin loyiha sifatida qaramaslik kerak. 2009 yilda Meksika devorini qurishga milliy xavfsizlik va hattoki harbiy budjet ham yo‘naltirilgan edi. Bu esa xalqaro harbiy loyihalarni qisqartirish hisobiga bo‘lgandi.
Bu safar ham xuddi shunday bo‘lishi ehtimoli katta, chunki Tramp ichki izolyatsiyaga o‘tib, ichki muammolar bilan shug‘ullanmoqchi. Buning natijasida harbiy vositalar va budjetni yo‘naltirish imkoniyati yuzaga keladi.
Umuman, janubiy shtatlardan qaysi mamlakat yoki mintaqa fuqarolari AQShga ko‘proq kirib kelayotgani tahlil qilinishi kerak. Chunki bu migrantlar o‘z mamlakatida farovon hayotni tashlab kelayotgani yo‘q. Bu tabiiy jarayon bo‘lgani uchun AQSh mazkur migratsiyani sun’iy ravishda to‘xtatishi qiyin. Tramning ushbu loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun migrantlar ko‘chib kelayotgan davlatlarda urushlar to‘xtashi, iqtisodiyot o‘sishi, farovonlik bo‘lishi kerak. AQSh dunyodagi eng qudratli iqtisodiyotga ega davlat. Bir vaqtlar qashshoqlikda va ocharchilikda yashagan Janubiy Koreya yoki Yaponiyani rivojlangan mamlakatlar darajasiga olib chiqa oldi, AQSh va uning institutlarida bunday imkoniyat bor.
Shuhrat Rasulov: Trampning loyihasini amalga oshirish jarayoni silliq kechmaydi, chunki respublikachilar partiyasining ichida ham o‘ta qattiq antimigratsiya siyosatiga qarshi oppozitsiya bor. Yaqinda yuzaga kelgan konfliktni eslatib o‘tmoqchiman. Shaxsan Ilon Maskning o‘zi mehnat vizasi masalasida MAGA'ga qarshi chiqdi. U nafaqat qarshi chiqdi, balki MAGA'chilarning bir qancha liderlarini ahmoqlar deb atadi.
Trampning orqasida turgan BigTech (katta texnologik kompaniyalar)ning mehnat migratsiyasi bo‘yicha pozitsiyasi Tramp va MAGA fraksiyasinikidan ayricha.