Janubiy Koreyada 2014 yildan buyon ilk bor tug‘ilish darajasining o‘sishi kuzatilmoqda, deb xabar berdi Reuters.
2024 yilning yanvaridan noyabrigacha mamlakatda 220 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lib, bu avvalgi yilning shu davriga nisbatan 3 foiz ko‘p. Ushbu o‘sish COVID-19 pandemiyasi sababli kechiktirilgan nikohlar soni ko‘payishi bilan bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda.
Oldinroq mamlakat sakkiz yil davomida tug‘ilish darajasining izchil pasayishini qayd etgandi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich eng quyi darajaga tushgan — bir ayolga 0,72 bola to‘g‘ri kelgan. Janubiy Koreya bu borada jahon reytingida eng past o‘rinlarni egallab kelmoqda.
2023 yilda mamlakatda nikohlar soni 13,5 foizga oshib, deyarli 200 mingtaga yetdi — bu so‘nggi qirq yil ichidagi rekord o‘sish hisoblanadi. Janubiy Koreyada nikoh ko‘pincha farzand ko‘rishdan oldin zaruriy shart sifatida qaraladi va odatda to‘y bilan bola tug‘ilishi orasidagi vaqt bir-ikki yilni tashkil etadi.
Biroq madaniy qarashlar asta-sekin o‘zgarib bormoqda: o‘n yil oldin janubiy koreyaliklarning 77 foizi nikohsiz bolalar tug‘ilishiga qarshi chiqqan bo‘lsa, hozir bu 63 foizga tushgan.
Bundan tashqari, demografik inqirozga qarshi kurashish maqsadida Janubiy Koreya so‘nggi yillarda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Yangi turmush qurganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2024 yildan 2026 yilgacha bo‘lgan davrda oila qurganlarga imtiyoz sifatida 500 ming von (taxminan 350 dollar) miqdorida bir martalik to‘lov joriy etildi.
Shuningdek, o‘tgan yili prezident Yun Sok Yol “milliy demografik inqiroz” haqida e’lon qildi va ushbu muammo bilan shug‘ullanadigan yangi vazirlik tashkil etish rejalarini o‘z ichiga olgan strategiya ishlab chiqildi.
Xitoyda ham shunday tendensiyalar kuzatilmoqda: 2024 yilda tug‘ilgan chaqaloqlar soni 5,8 foizga ko‘payib, 9,54 millionga yetdi. Bu holat ham ilgari kechiktirilgan nikohlar bilan bog‘liq.