Har ikki tomon ham yon berishi kerak - AQShning yangi davlat kotibi Ukrainadagi sulh haqida

Jahon 15:14 5329

Rubio AQSh «urush yakunlanishini xohlayotgani», ammo hozircha bu qachon ro‘y berishi noma’lum ekanini aytgan. «Men muhlat belgilay olmayman. Ammo aytishim mumkinki, ikki mamlakat o‘rtasidagi mojaroni to‘xtatayotganingizda, ulardan hech biri maksimal maqsadlariga erisha olmaydi. Har bir tomon nimadandir voz kechishiga to‘g‘ri keladi», — deya Rubioning so‘zlarini keltirgan CNN.

Rubio Rossiya va Ukraina aynan nimalardan voz kechishi kerakligi borasida aniq gapirmagan. Shu bilan birga, u bu urushda aynan RF agressor hisoblanishini qayd etgan.

«Muzokaralar haqida gap ketganda, oldinga chiqib ketmaymiz. Hozirgi bosqichda muzokaralar ommaviy forumlarda emas, balki diplomatik yo‘llar bilan o‘tkazilgani ma’qulroq», — degan AQShning yangi davlat kotibi.

Sulh qachon boshlanishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, Rubio bunga erishish Tramp uchun muhim hisoblanishi, Ukrainadagi urushni tugatish rasmiy siyosatga aylanganini ta’kidladi.

«Prezident bergan va’da – bu biz uchun ustuvor vazifa. Ukrainadagi urush tugatilishi kerak – bu AQShning rasmiy siyosati», dedi Rubio. Urush Rossiya tomonidan boshlanganini qayd etgan Rubio, uni hozirda to‘xtovsiz davom etayotgan, qonli va vayronkor to‘qnashuv sifatida baholadi.

«Ukraina eng katta to‘lovni to‘layapti: energetik infratuzilmasi vayron bo‘ldi, millionlab fuqarolari vatanini tark etib, boshqa davlatlarda yashashga majbur. Bu urush barcha uchun og‘ir, ammo Ukraina eng katta ziyon ko‘ryapti», — dedi u.

Rubio AQShning asosiy maqsadi urushning qayta boshlanmasligi uchun to‘liq va uzoq muddatli tinchlikka erishish ekanligini ta’kidladi.

«Biz dunyodagi muhim muammolarni hal qilishga qaratilgan ko‘plab vazifalarga egamiz. Ammo Donald Trampning qayta saylanishi bizning tinchlik yo‘lidagi harakatlarga umid bag‘ishlaydi. Urushlarni tugatish va dunyoda tinchlik o‘rnatish uchun faoliyat yuritamiz», — dedi Rubio.

Avvalroq CNN o‘z manbasiga tayanib, Trampning yondashuvi, lavozimini tark etgan prezident Jo Baydenning yondashuvidan farqli o‘laroq, urushni to‘xtatish uchun RF prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish haqida ekanini yozgandi.

Inauguratsiyadan keyin Tramp jurnalistlarga Putin bilan o‘zaro muloqoti «juda tez fursatlarda bo‘lishi mumkinligi»ni aytdi. RF prezidenti ham 20 yanvar kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Moskva AQSh yangi ma’muriyatining Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani tiklash niyatini olqishlashini aytdi. Ammo uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 yanvar kuni Tramp jamoasi hozircha Kreml bilan aloqaga chiqmaganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: