Oltiariqlik 17 yoshli Azizbek Zaylobiddinov hozir Toshkent xalqaro Vestminster universiteti qoshidagi akademik litseyning 2-bosqich o‘quvchisi. IELTS’dan 8, SAT imtihonidan 1520 ball olgan. 2024 yilda dunyoning nufuzli oliygohlaridan biri Harvard universitetiga 100 foizlik grantni qo‘lga kiritdi. U Kun.uz bilan suhbatda top universitetga kirishning uddasidan qanday chiqqani haqida so‘zlab berdi.
Amerikalik o‘qituvchilar ingliz tiliga muhabbat uyg‘otgan
To‘rtinchi sinfgacha ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olganman. Matematika va ona tili fanlari kuchli o‘qitilgan. Keyinchalik Farg‘ona viloyatidagi chet tillarini o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida o‘qishni davom ettirganman. Bu yerdagi o‘qituvchilarimiz oddiy maktab pedagoglariga nisbatan kuchliroq bo‘lgan, hatto amerikaliklar mutahassislar ham bizga bilim bergan. Ular bir haftada bir marta darsga kirib, Amerika madaniyati haqida dars o‘tardi. O‘sha paytlarda ingliz tilini bilish orqali qanday imkoniyatlarni qo‘lga kiritish mumkinligini yaxshi tushunganman va shu tariqa bu tilni o‘rganishga dastlabki qiziqish paydo bo‘lgan. Oilamiz a’zolari ingliz tili “kelajak kaliti” ekanligini anglab yetgan holda meni doim qo‘llab-quvvatlagan, moliyaviy tarafdan muammolar bo‘lmagan. Sakkizinchi sinfdan ingliz tilini o‘rganishni boshlaganman.
Maqsadlar sun’iy bo‘lsa, motivatsiya tez so‘nadi
Xorijiy universitetlarga o‘qishga kirgan talabalarning intervyularini doimiy tarzda kuzatardim, ularning ko‘pchiligi nufuzli oliygohlarga qabul qilinish uchun IELTS, SAT kabi sertifikatlar talab etilishini ta’kidlashardi. Shundan kelib chiqib, top universitetga kirish uchun harakatni IELTS’ga tayyorlanishdan boshlaganman.
3-4 yil avval Farg‘onada ingliz tilini o‘rganish uchun imkoniyatlar kam, o‘qituvchilarning IELTS’dan dars berish bo‘yicha ko‘nikmalari yetarli emasdi. Boshlang‘ich bilimlarni o‘zim mustaqil tarzda o‘rganman. Bir yil davomida Headway nomli kitobdan boshlang‘ich tushunchalarni o‘zlashtirganman. Tayyorlanish jarayonida hech kim “Azizbek, sen mana bu muddatgacha IELTS olishing kerak” deb shart qo‘ymagan, ota-onam ham bu ishni qilishga majburlamagan. Dunyoning nufuzli oliygohlarida o‘qishni xohlardim, bu karera uchun katta imkoniyat eshiklarini ochishini bilardim. Chetga borish va o‘qish uchun esa ingliz tilida erkin gaplashish talab etiladi, shu sabab til o‘rganish asosiy maqsadlarimdan biriga aylangan. To‘qqizinchi sinfga o‘tganda Toshkentga kelib, IELTS ko‘nikmalarini egallash uchun o‘quv markaziga bordim. Imtihonlarga puxta tayyorlanib, 7,5 ballni qo‘lga kiritdim. Sertifikatning amal qilish muddati o‘qishga hujjat topshirish vaqtimga qadar tugab qolgani sabab IELTS imtihonini qayta topshirdim va 8 ball oldim.
SAT imtihoni IELTS’dan qiyinroq
9-sinfdan SAT’ga tayyorlanishni boshladim. Bu imtihon ingliz tili va matematika fanlaridan o‘tkazilib, ta’limning keyingi bosqichiga o‘quvchining qay darajada tayyor ekanligini aniqlab beradi va IELTS’dan qiyinroq hisoblanadi. Mazkur imtihonni topshirish uchun asosan matematika fani bo‘yicha bilimlarimni mustahkamladim.
Bu fandan maktab darsligini 9-sinfgacha yaxshi o‘qiganlarga SAT qiyinchilik tug‘dirmaydi, sababi testdagi savollarning katta qismini maktab matematikasida o‘rgangan bilimlar bilan bemalol yechish mumkin, ozroq qismi universitet darsligidan tushadi, uni SAT’ga tayyorlanayotganlar mustaqil tarzda manbalardan o‘rganishi zarur.
Ingliz tili qismida esa “upper intermediate”, “advanced” darajadagi test topshiruvchilar yaxshi ball yig‘a olishadi. Bu qismda yozish va o‘qishdan savollar beriladi. Yozish qismida yuqori ball to‘plash uchun Erika Meltzerning “SAT writing: new grammar tess” kitobidan foydalanish tavsiya etiladi. O‘qish qismidan esa YouTube, Khan akemiyasiga joylagan videodarsliklarni ko‘rish orqali bilimlarni mustahkamlash mumkin. O‘zim ayni shu usullardan foydalanganman va SAT’dan birinchi topshirishda 1480, ikkinchi urinishda 1500 ballni qo‘lga kiritganman. Keyinchalik SAT ballimni 1520 ga ko‘targanman.
Til sertifikatlari universitetga olib kirib qo‘ymaydi
Xorijiy oliygohlarga o‘qishga topshirmoqchi bo‘lgan yoshlar ko‘pincha IELTS’dan 8 yoki 9 olishim shart degan o‘y bilan yuradi. Aslida o‘qishga qabul qilishingiz uchun 7-7,5 ball bo‘lsa ham yetadi. Til sertifikatlari universitetlar tomonidan talabalarning sessiyalarga kirganda darsni tushuna olishi va uyga vazifalarini bajara olish/olmasligini bilish uchun talab etiladi.
Shuningdek, qabul jarayonida IELTS, SAT, GPA kabilar o‘qishga kirish bo‘yicha topshirgan hujjatlaringiz ko‘rib chiqilishi uchun talab etiladigan ilovalar safida turadi. Oliygohga qabul qilinish-qilinmaslikda asosiy rolni portfolio hamda insholar hal qiladi. O‘zbekistonning o‘zida IELTS’dan 8-8,5, SAT’dan 1550 balli bor yigit-qizlar juda ko‘p, har yili 200 taga yaqin shunday talabalar top universitetlarga hujjat topshirishadi, raqobat katta.
Endi ularning orasidan Harvard kabi oliygohga bitta, uzog‘i ikkita (kamdan kam hollarda) talaba qabul qilinadi, ba’zida esa umuman olinmaydi. Bitta o‘rin uchun katta raqobat ichida kurashayotganda nomzodning alohida ajralib turadigan jihatlari bo‘lishi talab etiladi. Bu kabi jihatlar esa aynan portfolio va insholarda aks etadi.
Portfolioni did bilan tuzish kerak
Harvardga hujjat topshirayotganda portfolioda akademik yutuqlaringiz, maktabdan tashqari sport, san’at to‘garaklari va munosabaqalari, volontyorlik harakatlaridagi ishtirokingiz, liderlik qobiliyati, jamoa va loyihalar boshqaruvi bo‘yicha tajribangiz, ijodiy qobiliyatingiz aks etishi kerak. Ishlar ketma-ketligining tartibli tarzda sifatli vizual dizayn, aniq izohlar bilan joylanishi yuqori ballni qo‘lga kiritishingizga katta yordam beradi. Bundan tashqari, o‘qituvchilar yoki mas’ul shaxslar tomonidan yozilgan tavsiya xatlari qobiliyatlaringiz va yutuqlaringizni tasdiqlashi orqali yaxshi ball olishingizga ko‘maklashadi.
Portfolioni baholashda jamiyatga foyda keltiradigan, qiymatli ijtimoiy loyihalardagi ishtirokingiz, tashabbuskorligingiz, kirishuvchan hamda moslashuvchanligingizga e’tibor qaratiladi. Masalan, mening portfoliomda Farg‘ona davlat universitetida chop etiladigan jurnalda muharrirlik, “Ibrat camp” tillar oromgohida kordinatorlik, “Startap”,“Ibrat debate” loyihalaridagi tashkilotchiligim, “TedX” loyihasida notiqlik qilganim haqida yozilgan. Shuningdek, ijodkor sifatida havaskor shoirlik qobiliyatimni ham ko‘rsatib berganman.
Insholarda hikoya usulidan foydalaning
Yozma topshiriqlarni bajarayotganda shunchaki gapirib berish emas, tasvirlash yani “show, don’t tell” usulidan foydalanish tavsiya etiladi. Masalan, “yomg‘ir yog‘yapti” deyish o‘rniga, “yomg‘ir tomchilari yugurib kelayotganimda ko‘zimga tushdi, uni artish uchun to‘xtashga majbur bo‘ldim” kabi ko‘rinishda yozish kerak.
Insholar bir necha turlarga bo‘linadi, ulardan biri va asosiysi shaxsiy bayonot (personal statement) insholari hisoblanadi. Bu inshoda o‘zingiz haqingizda yozishingiz lozim. Unda bir voqeani shunchaki ketma-ketlikda qog‘ozga tushirish emas, holatning sizga qanday ta’sir qilganini ko‘rsatib berish zarur. Harvardga har yili minglab nomzodlar hujjat topshiradi. Qabul xodimi inshongizni o‘qib ko‘rayotganda yozganlaringiz qiziq bo‘lishi, shuningdek, unda biror xulosa chiqarishga undovchi mazmun aks etishi yuqori ball olishingizga yordam beradi.
Bundan tashqari, boshqa kichik-kichik insholar ham bor. Ularda cheklov 150-200 ta so‘zdan iborat. Mazkur insholardagi savollarga to‘g‘ri va aniq javob berish tavsiya etiladi. Negaki so‘z cheklovi tufayli fikr to‘liq yakunlanmay qolishi mumkin.
$360 000 grant
Harvard universiteti barcha talabalarning moliyaviy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga harakat qiladi. Moliyaviy yordam har bir talabaga individual ravishda belgilanib, summa talabalar oilasining moliyaviy holatiga qarab taqdim etiladi. Misol uchun, oilangiz budjetida yiliga $80 000 dan kam mablag‘ to‘plansa, Harvard sizga to‘liq grant beradi.
Menga universitet tomonidan 4 yillik o‘qish xarajatlarimni qoplash uchun $360 000 taqdim etildi. Bu yiliga $60 000 atrofidagi kontrakt to‘lovim, taxminan $8 000 sarflanadigan yotoqxona, $4 000 atrofida sog‘lik sug‘urtasi, qishki va yozgi ta’tilda Amerikadan O‘zbekistonga kelib-ketish va boshqa kichik-kichik xarajatlarimni qoplaydi. Talabaning maqsadi o‘qish bo‘lsin, boshqa narsaga chalg‘ib qolmasin degan maqsadda Harvard turli grantlarni taqdim etadi.
Ta’lim yo‘nalishim – davlat boshqaruvi va iqtisod. Universitetni tamomlab, O‘zbekistonga qaytib kelish niyatim bor, Dunyoning iqtisodi top 50 ta davlatiga O‘zbekistonning ham kirishini ta’minlashga o‘zimning hissamni qo‘shishni maqsad qilganman.
To‘liq intervyuni Kun.uz YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi
Operator: Ziyaddin Mamatjonov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov