Isroil hukumati Livan yoki boshqa mamlakatlar va mintaqalarda Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) tomonidan qo‘lga olingan Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollarni Ukrainaga topshirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda 21 yanvar, seshanba kuni Ukrainaning Tel-Avivdagi elchixonasi o‘zining Facebookʼdagi sahifasida Ukrainaning Isroildagi elchisi Yevgeniy Korniychuk va Isroil tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sharren Xaskel o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
«Ushbu tashabbus har ikki davlat duch kelayotgan umumiy tahdidlarni tan olish yo‘lidagi muhim qadamdir. Ukraina tomoni bu masala ijobiy hal etilishiga umid bildirdi», deb yozadi diplomatik missiya.
Ukraina va Isroil uchun umumiy chaqiriqlar
Bundan tashqari, uchrashuvda «ikki davlat uchun mavjud umumiy chaqiriqlar, xususan, Ukraina va Isroil milliy xavfsizligiga tahdid soladigan Eron va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik» muhokama qilindi.
Kun tartibiga, shuningdek, oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, shuningdek, iqtisodiy, konsullik va gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari ham kiritilgan, deyiladi Ukraina elchixonasi bayonotida.
Avvalroq Yevgeniy Korniychuk Rossiya hujumidan himoyalanayotgan Ukraina Livan va G‘azo sektorida Isroil armiyasi tomonidan qo‘lga olingan Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollarni olishga umid qilayotganini ma’lum qilgandi.