AQShning 47-prezidenti lavozimiga kirishgan Donald Tramp Kongressda o‘tkazilgan inauguratsiya marosimidan keyinoq noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish va qat’iy migratsion tizim joriy etishga va’da berdi.
Migratsion siyosatga alohida e’tibor qaratishini qayd etgan Tramp, mamlakat chegarasidagi vaziyatni «bosqin» deb baholadi va AQSh tarixida misli ko‘rilmagan ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashabbus barcha noqonuniy migrantlarga taalluqli emas, faqat jinoiy o‘tmishga ega 500 ming shaxslarni qamrab oladi. Bu ko‘rsatkich 2013 yilda Barak Obama ma’muriyati davrida deportatsiya qilingan 430 ming kishilik rekorddan ham oshib ketadi.
Tramp Haiti va Sudan kabi mamlakatlardan kelgan qochqinlarni himoya qilish choralarini bekor qilish va avval faqat jiddiy jinoyatchilarni deportatsiya qilishga qaratilgan siyosatni qayta ko‘rib chiqish niyatida. Bu pandemiya davrida qo‘llanilgan usullar yordamida migrantlarni tezda chiqarib yuborish imkonini beradi.
Tramp o‘z nutqida noqonuniy migrantlarni «jinoyatchilar» deb atadi va ularning mamlakatga sud ishlarini kutish jarayonida kirib kelishini taqiqlash uchun yangi farmon chiqarish niyatida ekanligini qayd etdi.
Jumladan, respublikachilar tomonidan «tut va qo‘yib yubor» siyosatini tugatish taklifi ham Trampning ustuvor rejalari qatoridan o‘rin olgan. Bu noqonuniy migrantlarni sudgacha qo‘yib yuborish amaliyotiga chek qo‘yadi.
Prezident chegarada favqulodda holat e’lon qilishni ham rejalashtirmoqda. Buning uchun AQShning janubiy chegarasida qo‘shin joylashtirish niyatida ekanligini ham ma’lum qildi. Trampning ta’kidlashicha, bu kabi qat’iy choralar mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarurdir.
«Men janubiy chegaramizda favqulodda holat e’lon qilaman. Chegarani noqonuniy kesib o‘tishlarga barham beriladi. Noqonuniy migrantlarni o‘z vatanlariga deportatsiya qilishni boshlaymiz», degan Tramp.
Tramp Venesueladagi Tren de Aragua jinoiy guruhini alohida tilga oldi.
«Bular yovuz odamlar va ular bizning mamlakatdan haydaladi», — dedi Tramp. AQShning yangi prezidenti hukumatga chet el jinoiy guruhlarini yo‘q qilish uchun barcha vakolatlarni ishlatish bo‘yicha ko‘rsatma berishini aytgan.
Mitingda, shuningdek, «dastlabki 100 kunlikdagi eng keng qamrovli chora-tadbirlar» haqida va’da qilindi. Prezident ma’muriyatining birinchi kunida bir nechta farmonlar imzolashi haqida ma’lum qildi.
Xo‘sh, Tramp o‘z chiqishida yana nimalarni va’da qildi? Uning redikal tashabbuslaridan parchalar keltiramiz.
Trampga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlarining oltin davri boshlanmoqda. 2025 yilning 20 yanvari — AQShning yangi Mustaqillik kuni bo‘ladi.
«Bizga qarshilik ko‘rsatganlar, meni ozodlikdan, hatto hayotdan mahrum etishga urinishganlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qotilning o‘qlari qulog‘imni tesib o‘tdi, ammo o‘shanda ham, hozir ham mening hayotim tasodifan saqlanmaganini bilaman. Tangri meni Amerika qudratini tiklash uchun asrab qoldi», degan Tramp.
Trampga ko‘ra Los Anjyelesdagi yong‘in davlat asosiy xizmatlarni ham ta’minlay olmaganini ko‘rsatgan. Odamlar uylaridan ayrililgan. «Bu toqat qilib bo‘lmaydigan holat», degan Tramp.
Iqtisodiyotni himoya qilish uchun chet eldan keladigan mahsulotlarga bojxona to‘lovlarini joriy qilish haqida gapirgan.
Tramp trasgenderlikka qarshi ekanini ta’kidlab, «bugun men rasman e’lon qilaman: dunyoda faqat ikki jins mavjud — erkak va ayol», degan.
Tramp Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb qayta nomlamoqchi. Panama kanalini qayta qo‘lga kiritmoqchi. Parij iqlim kelishuvidan chiqishini e’lon qildi. Marsga tez orada Amerika bayrog‘i o‘rnatilishini ham va’da qildi.
AQShning yangi saylangan prezidenti barcha urushlarni to‘xtatib, dunyoga intizorlikda kutilgan tinchlik va birdamlik olib kelishga va’da berdi.
Tramp mitingni o‘z g‘alabasi unga berilgan va’dalarni bajarish uchun mandat ekanligini ta’kidlagan so‘zlar bilan yakunladi va uning ma’muriyatining «birinchi kuni» tarixiy bo‘lishini bildirdi.
O‘z inauguratsiyasida mamlakat oldida turgan barcha «inqirozlar»ni hal qilish va Jo Bayden ma’muriyati tomonidan joriy qilingan bir qancha chora-tadbirlarni bekor qilishga qodir ekanini ta’kidlagan Tramp ilk ish kunidayoq Jo Bayden chiqargan farmonlardan 80 tasini bekor qildi.