O‘zbekiston 2024 yilda gaz importini 2,4 barobarga, gaz eksportini 18 foizga oshirdi
O‘zbekiston 2024 yil davomida Rossiya va Turkmanistondan 1,7 mlrd dollarlik gaz sotib oldi. Bu – 2023 yilga nisbatan 2,4 barobarga, 2022 yilga nisbatan 6 barobarga ko‘p. O‘tgan yili, shuningdek, gaz eksporti qiymat jihatdan 18 foizga oshib, 628 mln dollarga yetgan.

Foto: Andrey Rudakov / Bloomberg
O‘zbekiston 2024 yilda 628 mln dollarlik gaz eksport qilib, bundan 2,5 barobar ko‘p – 1,68 mlrd dollarlik gaz import qildi. Bu Statistika agentligi e’lon qilgan hisobotdan ma’lum bo‘lmoqda.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning gaz importi bir yil ichida qiymat jihatdan 2,4 barobarga oshgan. 2023 yilda Turkmaniston va Rossiyadan 694,9 mln dollarlik gaz sotib olingan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 1,68 mlrd dollarga yetgan.

2024 yildagi zangori yoqilg‘i importini 2022 yil (281,9 mln dollar) bilan taqqoslaganda, o‘sish 6 barobarni tashkil etadi.
O‘tgan yili gaz eksporti ham oshgan. 2023 yilda xorijga 529,9 mln dollarlik gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, 2024 yilda eksport qiymati 18,4 foizga oshib, 627,6 mln dollarni tashkil etdi. Eksport o‘tgan yili iyun oyidan boshlab keskin faollashgan.

Gaz eksporti va importi qiymatlari o‘rtasidagi manfiy farq 985,1 mln dollarga teng bo‘ldi.
O‘zbekiston ilk marta tabiiy gazning netto importchisiga aylangan 2023 yilda ushbu farq 165 mln dollar bo‘lgandi.
2024 yilning dekabr oyida 34,2 mln dollarlik yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 67 foizga ko‘p gaz eksport qilingan. Yilning so‘nggi oyida 127,9 mln dollarlik gaz import qilingan bo‘lib, bu 2023 yilning dekabriga nisbatan 3,3 foizga kam.
Mavzuga oid

21:30 / 27.02.2025
O‘zbekistonda Xitoyning Temu marketpleysi bloklanishi mumkin

08:57 / 24.02.2025
616 mln so‘mlik gaz va elektrdan noqonuniy foydalangan ovqatlanish shoxobchasi aniqlandi

14:14 / 22.02.2025
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona 1,6 mlrd so‘mlik zarar keltirdi

10:51 / 22.02.2025