Paxta yetishtirishda yangi tartib, kartoshka qimmatlamasligiga ishontirgan vazirlik, davlat idoralarida kuchaytiriladigan moliyaviy intizom va aholi daromadlarini oshirish uchun choralar — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Paxta yetishtirishda yangi tartib
O‘zbekistonda paxta yetishtirish va savdosi bo‘yicha yangi bozor mexanizmlari joriy etildi.
2025 yil paxta hosilidan boshlab, fermerlar birjada xaridorlar takliflarini tanlab, fyuchers, forvard yoki spot shartnomalarini tuzish imkoniga ega bo‘ladi. Boshlang‘ich narx Nyu York birjasidagi oxirgi 6 oylik o‘rtacha kotirovkalar asosida aniqlanadi.
Prezident farmoniga muvofiq, paxta savdolari har bir hudud bo‘yicha Respublika tovar-xomashyo birjasi platformasida o‘tkaziladi. Fermerlar va qayta ishlovchilar shartnomalarni erkin tanlov asosida rasmiylashtiradi. Barcha kelishuvlar Agroplatforma axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Vazirlik kartoshka narxi oshmasligiga ishontirmoqda
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qozog‘istonda kartoshka eksportiga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonda kartoshka narxiga ta’sir qilmaydi deb ishontirmoqda. Qish-bahor mavsumi uchun kartoshka zaxirasi yetarli. O‘zbekistonning kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji yiliga 4 mln tonnani tashkil etadi, 2024 yilda 3,7 mln tonna hosil yig‘ilgan. Bu hosildan 600 ming tonnasi urug‘lik uchun zaxira qilingan, tabiiy yo‘qotish esa 100 ming tonna atrofida.
Import faqat Qozog‘istonga bog‘liq bo‘lib qolmagan, Pokiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan ham kartoshka olib kelingan. 2025 yil yanvar–may oylarida Eron va Pokistondan 200 ming tonna kartoshka import qilinishi kutilmoqda.
Surxondaryo viloyatidagi dala maydonlarida yetishtirilayotgan kartoshka hosili martning ikkinchi yarmi va aprel oylarida bozorlarga chiqariladi. Narx barqarorligini ta’minlash maqsadida zaxiradagi kartoshka har 10 kunda 15–25 ming tonnadan ichki bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Davlat idoralarida moliyaviy intizom kuchaytiriladi
Hisob palatasining 2024 yildagi faoliyati natijalari va 2025 yilga mo‘ljallangan vazifalar taqdimoti bilan tanishgan prezident Shavkat Mirziyoyev moliyaviy intizom va tejamkorlikka qat’iy amal qilish zarurligini qayd etdi.
2024 yilda Hisob palatasi budjetga 3,7 trln so‘m qo‘shimcha tushumlar keltirib, vazirlik va idoralarning 9,2 trln so‘mlik samarasiz xarajatlarini maqbullashtirgan. Shuningdek, 2,3 trln so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olingan va davlat xaridlaridagi 4,5 trln so‘mlik xato-kamchiliklar bartaraf etilgan.
Joriy yilda ham mazkur ishlar izchil davom ettiriladi. «Masofaviy audit» avtomatlashtirilgan tizimiga 110 ta vazirlik va idoralarning ma’lumotlari integratsiya qilinib, 480 trln so‘mlik budjet xarajatlari monitoringi yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali davlat xarajatlari va daromadlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsad qilingan.
2025 yilda budjetga 309 trln so‘m daromad tushishini ta’minlash choralari ko‘rilib, moliyaviy intizom barcha idoralarda qat’iy nazorat qilinadi.
Aholi daromadlarini oshirish va bandlikni ta’minlash
2025 yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari doirasida qator loyihalar amalga oshiriladi. Prezident qaroriga muvofiq, bu yil 5,2 mln aholini ish bilan band etish maqsad qilib qo‘yilgan.
Kambag‘al oilalar ishtirokida 20 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida sanoatbop, manzarali va mevali daraxtlar yetishtiriladi. Shuningdek, ko‘chatxonalar tashkil etilib, dorivor o‘simliklar yetishtirishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi. Namangan, Toshkent va Xorazmda parrandachilik sohasida zamonaviy korxonalar barpo etilib, mahsulotlarni qayta ishlash va muzlatkichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan.
2025 yil 1 iyuldan «Ekofaol fuqaro» platformasi orqali o‘zi ekkan daraxtlar haqida ma’lumot kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, 100 gektar maydonda brussonetiya daraxtini yetishtirish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.
Kambag‘al oilalar a’zolariga subsidiya
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolari uchun qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun BHMning 10 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu prezidentning «2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Og‘ir toifadagi 300 mahallada 180–500 kW quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etiladi.
Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji negizida 2025 yil 1 dekabrgacha kreativ sohalar klasteri tashkil qilinadi. Shuningdek, Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ish beruvchilar buyurtmasi va banklar ehtiyoji asosida ishsiz aholini kasblarga manzilli o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2025 yil 1 martdan boshlab kasb-hunar o‘quv jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi joriy etiladi. 2025 yil 1 apreldan esa 12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Milliy gvardiya xodimi endi o‘zini tanishtiradi
O‘zbekiston Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, Milliy gvardiya xodimlari fuqarolar bilan muloqotga kirishganda o‘zini tanishtirish va fuqarolarning huquqlari hamda majburiyatlarini tushuntirish majburiyatini oladi.
Loyiha Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ma’qullandi.