SSSR Chili kompartiyasi lideriga almashtirgan shaxs – Putindan prezidentlikni tortib olmoqchi bo‘lgan Bukovskiy kim edi?

Jahon 14:50 2204

SSSR deb atalmish davlatni 1922 yildan 1953 yilgacha boshqargan Stalin davrida millionlab insonlar, sovet fuqarolari nohaq qatag‘on qilindi – o‘ldirildi, qamaldi.

1953 yil mart oyida Stalin vafot etdi. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab uning davrida nohaq jazolanganlarning ishi qayta ko‘rib chiqila boshlandi. Odamlar qamoqdan ozod qilindi, GULag lagerlarida o‘lganlar oqlandi. Qisqasi, bir tomondan qaraganda adolatli boshqaruv qaytadi.

Biroq aslida bunday emasdi. Tuzumning nohaq ishlari davom etardi. Unga qarshi chiqqanlar xuddi Stalin zamonida bo‘lgani kabi qamoqqa tiqilar yoki jinnixonalarga yotqizilardi.

Sovet tuzumining nohaq ishlariga qarshi bo‘lganlardan biri yozuvchi Vladimir Bukovskiy edi. U sovet tarixida o‘z siyosiy qarashlari va sovet tuzumiga qarshiligi uchun jinnixonaga yotqizilgan birinchi shaxs edi. Keyinchalik uni bir necha marta qamashadi va umrining ancha yillarini qamoqda o‘tkazadi.

Foto: alamy.com

Maktab davridayoq sovet tuzumini yomon ko‘rib qolgan Bukovskiy

Vladimir Bukovskiy 1942 yilda Boshqirdistonda tug‘iladi. U taniqli sovet yozuvchisi va jurnalisti Konstantin Bukovskiyning o‘g‘li edi.

1956 yilda Xrushchyov kompartiyaning XX s’yezdida o‘zidan oldingi davrda sodir etilgan nohaq ishlar haqida gapira turib Stalinni “qonxo‘r va jallod edi”, deydi.

O‘sha paytda Vladimir 14 yoshda edi va shundan so‘ng u ko‘pchilik qatori sovet tuzumini yomon ko‘rib qoladi. U maktabda o‘qir ekan, o‘qituvchilarga “nozik mavzu”lardan savollar bera boshlaydi va bu ishning oqibati maktabdan haydalish bilan tugaydi.

Shu tariqa bir nechta marta maktab almashtirishga majbur bo‘lgan Bukovskiy o‘rta ta’limni kechki maktabda tugatadi. U ilk bor KGB e’tiboriga tushganda 18 yoshda edi.

Bukovskiy maktabni bitirganidan so‘ng Moskva davlat universitetiga o‘qishga kiradi. So‘ng yoshlarning yashirincha o‘tkaziladigan yig‘inlarida qatnasha boshlaydi. Ko‘p o‘tmay KGB ularning iziga tushadi va yig‘ilish qatnashchilari yashaydigan joyda tintuv o‘tkazadi. Yoshlarning asarlari va maqolalarining qo‘lyozmalari tortib olinadi.

Bukovskiy yoshligida
bing.com

1961 yilda Bukovskiyni o‘qishdan haydashadi. O‘shanda unga agar o‘z qarashlarini o‘zgartirsa o‘qishda qolishi mumkinligini aytishadi, biroq Vladimir buni rad etadi.

KGB Bukovskiyni o‘qishdan haydatib ham tinchimaydi. 1962 yilda uni majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishadi. Vladimir sog‘lom edi. Shunchaki sovet tuzumi Stalin davridagidan biroz o‘zgargan va nohaq ishlar hamda tuzumga qarshi bo‘lganlarni avval jinnixonaga tiqish “metodichka”sini boshlagandi.

Shu tariqa Bukovskiy Stalin vafotidan so‘ng o‘z siyosiy qarashlari tufayli SSSRda jinnixonaga yotqizilgan birinchi shaxs sifatida tarixda qoladi. Keyinchalik bu “metodichka” boshqalarga ham qo‘llanadi.

Shu o‘rinda bir misol, taniqli yozuvchi Tohir Malikning yozishicha, 1970-yillarda Toshkentdagi she’rxonlik davralaridan birida shoir Asqar Qosim “O‘zbek bo‘lib tug‘ilmasaydim, ko‘rmas edim bunchalar xo‘rlik”, deb she’r o‘qiydi. Shundan so‘ng shoir KGBning “qora ro‘yxati”ga tirkaladi va sovet tuzumi tomonidan bir necha marta majburan jinnixonaga yotqiziladi. Oxir-oqibat u joniga qasd qiladi.

Bir necha oy jinnixonada yotgan Bukovskiy do‘stlarining taklifi bilan Sibirga ekspeditsiyaga jo‘nab ketadi. Maqsad markazdan uzoqroqda, KGB e’tiboridan chetroqda yurish edi.

Qamoq, qamoq va yana qamoq...

Vladimir Bukovskiy birinchi marta 1963 yilda, 21 yoshida hibsga olinadi. KGB sovet tuzumiga qarshi bo‘lgan shaxsni yoshligidan “sindirish” payida bo‘ladi. U yugoslaviyalik, kommunistik tuzumga qarshi bo‘lgan yozuvchi Milovan Jilasning kitobini yashirincha nusxa ko‘chirib tarqatgani uchun hibsga olinadi. Uni yana jinnixonaga joylashadi.

Foto: kommersant.ru

Shu yerda u general-mayor Petr Grigorenko bilan tanishadi. Generalni ham Stalinning yovuzliklari oshkor bo‘lgach, sovet tuzumini yoqtirmay qolgani uchun jinnixonaga tiqishgandi. Bu safar Bukovskiy yarim shifoxona, yarim qamoqxona bo‘lgan joyda 4 yil ushlab turiladi va 1966 yil avgustga kelib ozod qilinadi.

Biroq oradan 5 oy o‘tgach u yana hibsga olinadi. Bu safar Bukovskiy sovet tuzumiga qarshi bo‘lgan taniqli shaxslardan biri Aleksandr Ginzburg va uning hammaslagi shoir Yuriy Galanskovning hibsga olinishiga qarshi namoyish o‘tkazgani uchun qo‘lga olingandi.

Bukovskiy namoyishga birga chiqqan shaxslar bilan birga sudlanadi va bir necha yilga qamaladi. 1970 yilda ozod bo‘lgach u yana Moskvaga qaytib keladi. Biroq 1971 yil mart oyida yana hibsga olinadi. O‘shanda “Pravda” gazetasida berilgan kichik xabarda “Sovet tuzumiga qarshi bo‘lgan bezori qo‘lga olindi” deyilgandi.

1972 yil yanvarda o‘tkazilgan so‘nggi sud majlisida Bukovskiy 7 yilga qamoq jazosi oladi. Uni Vladimir shahridagi qamoqxonaga jo‘natib yuborishadi. Keyinroq Bukovskiyni Permdagi qattiq rejimli qamoqxonaga o‘tkazishadi.

Bukovskiy va Korvalan Tsyurixda almashtirilgan
Foto: alamy.com

Chili kommunistik partiyasi yetakchisiga ayirboshlov

1973 yil 11 sentabrda Chilida harbiylar davlat to‘ntarishi uyushtiradi. Prezident Salvador Alende o‘z joniga qasd qiladi. Hokimiyat Chilining kommunistlar tomonidan boshqarilishiga qarshi bo‘lgan general Avgusto Pinochet tasarrufiga o‘tadi.

Chili kommunistik partiyasi lideri Luis Korvalan yashirinadi. Biroq oradan bir yilcha vaqt o‘tib, uni topib olishadi va uzoq muddatga qamashadi. 1975 yilda sovetlar Korvalanga xalqaro Lenin mukofotini berishadi va uni ozod qilish choralarini izlay boshlashadi.

O‘sha paytlarda Yevropaning bir qator davlatlarida Bukovskiyni ozod qilishni talab qilishayotgan edi. Shuningdek, SSSRning o‘zida ham vodorod bombasini yaratgan mashhur olim, sovet tuzumining ashaddiy tanqidchisi Andrey Saxarov Bukovskiyni qamoqdan ozod qilish kerakligini aytardi.

Foto: alamy.com

Ana shunday vaziyatda sovetlar G‘arb davlatlariga Bukovskiyni Luis Korvalanga almashtirishlari mumkinligini ma’lum qilishadi. G‘arb davlatlari Avgusto Pinochet tuzumini bu ishga ko‘ndirishadi va Luis Korvalanni Shveytsariyaga olib kelishadi.

Moskvadan Bukovskiy va uni qo‘riqlab borayotgan KGB xodimlari o‘tirgan maxsus samolyot Tsyurixga yetib borgach tomonlar ikki shaxsni almashishadi. Shundan so‘ng Bukovskiy Tsyurixda bir oycha yashaydi va Londonga ketadi, Luis Korvalanni esa SSSRga olib ketishadi.

Keyinchalik Moskvada sovetlar tomonidan ancha “pishitilgan” va harbiy ko‘mak va’dasini olgan Korvalan 1983 yilda yashirincha Chiliga qaytadi. Natijasiz urinishlardan so‘ng 1989 yilda Chili kommunistik partiyasi rahbarligidan ketadi.

Korvalan va SSSR rahbari Brejnev
Foto: alamy.com

Jimmi Karter bilan uchrashgan Bukovskiy

Britaniyada yashash istagida bo‘lgan Bukovskiy Londonga borib joylashadi. Ko‘p o‘tmay uni o‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lgan Jimmi Karter Oq uyda qabul qiladi. Bukovskiy Londonga ko‘chib o‘tganida 34 yoshda edi. U nufuzli Kembrij universitetida neyrofiziologiya sohasida tahsil oladi.

1978 yilda Bukovskiyning “Va shamol qaytadi” kitobi chop etiladi. Bu asar G‘arb kitobxonlari orasida bessellerga aylanadi va ko‘plab tillarga tarjima qilinadi.

Oradan ikki yil o‘tgach uning “Rus sayohatchisidan maktub” asari chop etiladi. Bu asarida u G‘arbdagi turmush tarzi bilan SSSRdagi hayotni solishtirib ko‘rsatgan edi.

Shu bilan birga Bukovskiy G‘arbda ham siyosat bilan faol shug‘ullanadi va SSSR Afg‘onistonga bostirib kirgani uchun 1980 yil yozda o‘tkaziladigan olimpiya o‘yinlarini boykot qilish harakati tashkilotchilaridan biri bo‘ladi.

Gorbachyov boshlagan siyosiy va iqtisodiy islohotlar tufayli u SSSR parchalanib ketmasidan sal avval, 1991 yil aprelda Moskvaga kelib ketadi.

Yozuvchining SSSR parchalangandan keyingi hayoti

1991 yil avgust oyida SSSR parchalanib ketadi. Shundan so‘ng Bukovskiy Rossiyaga bir necha marta kelib ketadi. Bir marta hatto Moskva shahar meri uchun uning nomzodini ko‘rsatishadi.

O‘sha paytlarda Bukovskiy sovetlardan qolgan maxfiy arxivga kirishga ruxsatnoma oladi va juda ko‘p ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi. Keyinchalik, ana shu ma’lumotlar asosida “Moskvadagi jarayonlar” asarini yozib chop ettiradi.

Foto: alamy.com

1992 yilda Rossiya prezidenti Boris Yelsin Bukovskiyga Rossiya fuqaroligini beradi. Biroq yozuvchi uni olishni xohlamaydi. Bunga u Yelsin ma’muriyati tomonidan yangilanayotgan Rossiya konstitutsiyasi avtoritarlikka yo‘l ochadi deb hisoblagani sabab bo‘ladi.

2002 yilda Rossiya muxolifati liderlaridan biri Boris Nemsov Kembrijga, Bukovskiyning oldiga boradi. O‘shanda yozuvchi Nemsovga shunday degandi:

“Bugungi kunda Rossiyani vujudga kelayotgan totalitarizmdan qutqarish, yangi avlodga normal hayot kechirish imkoniyatini berishning yagona yo‘li mavjud tuzumga munosib raqobat qila oladigan kuchli va qudratli demokratik muxolifatni yaratishdir. Men aniq ishonaman, busiz Rossiyaning istiqboli yo‘q. “O‘ng kuchlar ittifoqi” (Nemsov bu harakatga boshchilik qilgan) Putinga shunday muxolifatga aylanishi mumkinligiga umid qilaman. Aks holda Rossiya shunchaki halokatga uchraydi. Agar bunga tayyor bo‘lsangiz, sizga muvaffaqiyat va g‘alaba tilayman”.

2007 yilda Bukovskiy Rossiya prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovda o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qiladi.

Foto: alamy.com

Biroq Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Bukovskiy nomzodlardan talab qilingan ovozlarni oshiqchasi bilan yig‘gan bo‘lsa ham uning nomzodini ro‘yxatga olishni rad etadi. Bukovskiy va uning tarafdorlari Markaziy saylov komissiyasining qarori ustidan sudga murojaat qilishadi. Biroq sud qarorni o‘z kuchida qoldiradi.

2010 yilda Bukovskiy Rossiya muxolifatiga va uni qo‘llayotganlarga murojaat bilan chiqadi. Murojaatning nomi “Putin ketishi kerak” deb nomlangan edi. 2014 yilda yozuvchi Kiyevdagi “Maydan”ni qo‘llab chiqadi.

2015 yilda Britaniya politsiyasi yozuvchining kompyuteridan bolalar pornografiyasiga doir bir nechta suratlar topadi. Shundan so‘ng unga nisbatan ayblov e’lon qilinadi. Bukovskiy o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmaydi va suratlarni FSB xodimlari yashirincha yuklaganini aytadi. So‘ng bir marta ochlik ham e’lon qiladi.

2016 yilda Bukovskiyga qarshi sud jarayonlari boshlanadi. 2017 yilda uning sog‘ligi yomonlashadi va sud qoldiriladi. Shundan so‘ng Vladimir Bukovskiyning sog‘ligi tiklanmaydi va 2019 yil 27 oktyabr kuni Kembrijdagi shifoxonada vafot etadi.

Foto: gazeta.ru

Bukovskiyning Rossiyaning kelajagi va boshqa masalalarda bildirgan fikrlari

Bukovskiy turli masalalarda o‘z qarashlari va fikrlarini bildirgan, ta’riflar bergan. Jumladan, u 2007 yilda bergan intervyusida “Sotsializm hozir inqirozda bo‘lgan va kelajakda yo‘q bo‘lib ketadigan g‘oya” degandi.

KGB haqida. “KGB xodimlari mavjudotlar orasida alohida zot hisoblanadi. Ular “yo‘q” so‘zini tushunmaydi. KGB bilan kelishib bo‘lmaydi. O‘zlari murosaga kelmaydi va dushmanning murosaga kelishini zaiflik deb biladi. Agar sen KGBni pisand qilmay, tashkilot bilan hamkorlikni rad etgan bo‘lsang, bu o‘zingga katta muammo tug‘dirganingni anglatadi. Bu ular seni bo‘ysundirmaguncha bosimni davom ettiraveradi degani. KGB faqat ikkita tushunchaga ega: sen yo ularning agenti yoki dushmani bo‘lasan. Bu ikkisi o‘rtasida boshqa hech narsa yo‘q”.

Poroshenkoga maslahat. “Men Poroshenkoga Putinga qanday qilib rad javobi berishni o‘rgatishga tayyorman. Bu masalada menda yaxshi tajriba bor”.

Rossiyaning kelajagi haqida. “Rossiya bo‘laklarga bo‘linib ketishi va parchalanish davrini boshdan kechirishi kerak. Bu davlatning turli hududlarida Putin yo‘qotib yuborgan mintaqaviy o‘z-o‘zini boshqarish tizimi bo‘lishi kerak. Rossiyaday ulkan mamlakat busiz yashay olmaydi. Rossiya yo markazlashgan diktaturaga aylanadi yoki hamma narsa yuqoridan buyruq bilan emas, balki kelishuv va hamkorlik asosida hal qilinadigan federatsiya bo‘lib qoladi. <…>  Qachonki federatsiyaning ayrim sub’yektlari o‘z-o‘zini boshqarish tizimini qayta tiklay olsa, ular konfederatsiya to‘g‘risida kelishib olishlari mumkin bo‘ladi. Bu sodir bo‘lgunga qadar, iyerarxik qattiq vertikal doimiy tebranishda bo‘lib turadi. Bunday tizim demokratiyaga toqat qilmaydi. <…> Parchalanish va federalizatsiya jarayoni ancha uzoq davom etadi”.

Foto: lenta.ru

SSSR tuzumiga qarshi bo‘lganlar haqida. “Hammamiz sovet tuzumiga qarshi barcha harakat axloqli bo‘lishi kerak, dedik. Ammo biz siyosiy harakat sifatida paydo bo‘lmadik, balki axloqiy harakat edik. Bizning asosiy turtkimiz Rossiyani qayta qurish emas, balki tuzum sodir etayotgan jinoyatlarda ishtirok etmaslik edi. Zo‘ravonlik ustiga qurilgan rejimning bir qismiga aylanmaslik edi. Bu bizga kuchli motivatsiya berardi. Sovet tuzumi bunday norozilikka, o‘zgacha fikrlashga  toqat qilmagani uchun biz bilan urush boshladi”.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: