O‘zbekiston | 20:00 / 27.02.2025
18872
12 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekfilm” yoki “Basmachfilm” – sovet davri targ‘iboti qanday olib borilgan?

Sovet davrida “O‘zbekfilm” haqida gap ketganda hatto moskvalik ijodkorlar uni kinoya bilan “Basmachfilm” deb atashardi. Bu bejizga emasdi. Ittifoqning boshqa respublikalarida joylashgan kinostudiyalar turli mavzularda filmlar suratga olib yurgan paytda “O‘zbekfilm”da asosan “bosmachi”larni qoralab film ishlangan.

Tarix sahnida 74 yil umr ko‘rgan sovet davrida davlat tomonidan juda kuchli targ‘ibot olib borildi. Odamlarni puch g‘oyalarga ishontirish uchun yolg‘onlar uqtirildi, tarix buzib ko‘rsatildi.

Ayniqsa, XX asrning ikkinchi yarmida televideniye va kino sanoati rivojlangandan so‘ng yolg‘on targ‘ibot uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

O‘shangacha tarixni soxtalashtirish uchun adiblardan, tarixchilardan foydalanilgan bo‘lsa, keyinroq butunlay yolg‘ondan iborat filmlar ishlanadigan va televideniyeda bot-bot ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

KGB va “MVD”ning “ijod”dagi raqobati

1960-70 yillarda SSSRda Ichki ishlar vaziri Nikolay Shchyolokov va Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) rahbari Yuriy Andropov bir-biriga teskari bo‘lib qoladi.

Shundan so‘ng ularning har ikkisi turli adiblarni yollab biri militsiyaning, ikkinchisi KGB xodimlarining “sharafli” xizmati haqida asarlar yozdiradi.

Andropov, Brejnev va Shchelokov
nnm.me

Ular bu bilan cheklanib qolmaydi va rejissyorlarga har ikki sohani ulug‘lab filmlar suratga oldiradi.

Shchyolokovning buyurtmasi bilan suratga olingan filmlarda militsionerlar jasur, hech narsadan tap tortmaydigan insonlar sifatida tasvirlanadi.

Andropov suratga oldirgan filmlarda esa KGB xodimlari, turli razvedkachilar “supermen” qiyofasida gavdalantiriladi.

Uzoqqa bormaylik, “Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmini ko‘pchilik tomosha qilgan. Ko‘p qismli mazkur filmda sovet razvedkachisi Shtirlitsning misli ko‘rilmagan qahramonliklari hikoya qilinadi.

Ana shu film Yulian Semyonovning “Bahorning o‘n yetti lahzasi” nomli romani asosida suratga olingan. Adib ushbu romanni aynan KGB rahbariyati buyurtmasi bilan yozgan.

Yulian Semyonov
culture.ru

Adib Tohir Malik Yulian Semyonov va uning asarlari haqida shunday yozadi:

“Yetmishinchi yillarda “Drujba narodov” jurnalida hikoyam bosildi. Minnatdorchilik bildirish uchun tahririyatga kirgandim, Yulian Semyonovning “Bahorning o‘n yetti lahzasi” romanini sovg‘a qilishdi.

Shu kitobni o‘qib ketarman deb samolyotda emas, poyezdda qaytishga qaror qildim. Keyin bu ishimdan afsuslandim. Chunki kitobning 20 betini zo‘rg‘a o‘qidim. Asar roman deyilgani bilan badiiylikdan ancha yiroq edi. Kinosini ko‘rsa bo‘larkan-u, kitobni o‘qish mumkin emas ekan. Keyingi safar Moskvaga kelganimda bu haqda Medvedevga fikrimni aytdim. Shunda u alam bilan ba’zi narsalarni gapirib berdi.

Yulian Semyonov deganlari KGB idorasi bilan yaqin aloqada bo‘lgani uchun arxivdan asarlar uchun ma’lumot olish oson ekan. U atrofiga 5-6 nafar iste’dodli yosh yozuvchilarni to‘plab, asar nima haqda bo‘lishini aytib, arxivdan olgan ma’lumotlar bilan tanishtirarkan. Shunday qilib “asar”ning bir bobini Petya, ikkinchisini Vasya, o‘ninchisini Katya yozib berarkan. So‘ng Semyonovning adabiy kotibi bu boblarni bir-biriga “ulab, yamab” chiqqach “quroq” roman paydo bo‘larkan”.

Aka-uka Vaynerlar
Babr24

Shchyolokov boshchiligidagi IIV aka-uka Arkadiy va Georgiy Vaynerlar bilan hamkorlikda ishlagan. Vaynerlar aynan IIV rahbariyatining buyurtmasi bilan militsiya xodimlarining olamshumul qahramonliklari haqida asarlar yozib bergan. Keyin o‘sha asarlar asosida filmlar suratga olingan.

O‘zbekfilm – “Basmachfilm”

Boshqa ittifoqdosh respublikalar qatori, bunday ishlar O‘zbekistonda ham bo‘lgan. Respublikadagi yagona kinostudiya – «O‘zbekfilm»da asosan sovet targ‘iboti uchun filmlar suratga olingan.

Tohir Malik o‘zining “Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i” deb nomlangan asarida Komil Yashinning “Hamza” romani haqida so‘z yuritib shunday yozadi:

“O‘zbeklardan otashin inqilobchi yetishib chiqqanini ko‘rsatish uchun “Olovli yo‘llar” deb nomlangan ko‘p qismli film ishladilar. Ming afsuski, bu ishni eng mohir rejissyor Shuhrat Abbosov amalga oshirdi. “Toshkent non shahri”ni suratga olgan mahoratli kinoijodkor uchun bu yarashmadi.

Film to‘laligicha Butunittifoq televideniyesida tantana bilan namoyish etildi. O‘zimizdagi san’atshunoslar maqtashdi, sovet ittifoqi tarixidan xabardor barcha ziyolilar esa ustimizdan kulishdi. Bu tomosha “O‘zbekfilm” emas, “Yolg‘onfilm” mahsuloti edi. Doimiy ravishda bosmachilarni qoralab film ishlayvergani uchun “O‘zbekfilm”ni “Basmachfilm” deb atash rasm bo‘lgandi”.

Tohir Malik “O‘zbekfilm”da suratga olingan “Olovli yo‘llar” haqida yozar ekan, uning ijodkorlari filmni boshdan oyoq yolg‘on bilan to‘ldirganini va bu ishi bilan odamlarning nafrati va kulgisiga qolganini yozadi:

“Yolg‘onga asoslangan bu tomoshada bir voqea bor: Hamzaning rus xotini homilador bo‘ladi. O‘zbek ayollari uni o‘rab olib, qiynashadi. Bu fojiani ko‘rib dahshatdan seskanib ketdim. Dahshat o‘zbek ayollarning zulmida emas, dahshat yolg‘onning ekranda bu qadar uyatsizlarcha aks etishida edi. Nahot bu nodon ijodkorlar millat sha’niga balchiq chaplayotganini anglamagan?”

Hamzaning hayoti haqida olingan ko‘p seriyali bu filmda yolg‘onlar shu bilan tugab qolmaydi. Film “ijodkorlari” Hamzani hind yozuvchisi Rabindranat Thakur bilan ham uchrashtirishadi.

"Olovli yo‘llar" filmidan kadr

Tohir Malik filmdagi bu yolg‘onga shunday munosabat bildiradi:

“Dunyodagi eng mohir kazzob ham yolg‘on to‘rini bular kabi ustalik bilan to‘qiy olmaydi. Moskvaning “Chapayev”, “Kochubey”, “Razvedkachining jasorati” kabi filmlarida ham to‘qima bo‘lgan. Lekin uning ijodkorlari xalqni yolg‘onga ishontira olishgan. Keyinchalik yaratilgan “Bahorning o‘n yetti lahzasi”, “Qilich va qalqon” kabi filmlarga ham odamlar ishonishdi. Lekin “Hamza”dagi ssenariy ham, rejissura ham aktyorlarning ijrochilik mahorati sayozligi va pastligi uchun “rasvofilm” degan martabadan o‘zgaga erishmadi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Hamza buyuk Rabindranat Thakur bilan uchrashsa, unga inqilobiy g‘oyalardan “va’z” o‘qisa?! Tag‘in ham “Yolg‘onchifilm”da insof bor ekan, biz Hamza Thakurga “komfirqa a’zosi” degan guvohnoma yozib berarmikan, deb kutuvdik...”

O‘zbekfilm sovet targ‘iboti uchun ishlar ekan, birgina Hamza haqidagi butunlay yolg‘on va bo‘htonlardan iborat “Olovli yo‘llar” filmi bilan cheklanib qolmaydi.

Undan avvalroq suratga olingan “Mahallada duv-duv gap”, “Yor-yor” va boshqa ko‘plab filmlar aynan sovet tuzumi targ‘iboti uchun suratga olingandi.

“O‘zbekfilm”ning aksariyat hollarda sovet targ‘iboti uchun ishlashini juda ko‘pchilik bilardi. Biroq bu haqda sovet davrida og‘iz ochib bo‘lmasdi.

Taniqli shoir Muhammad Yusufning “O‘zbekfilm”ga” deb nomlangan she’ri bor. Bu she’r qachon yozilgani haqida ma’lumot topa olmadim. Biroq taxminimcha, sovet davrining oxirroqlarida yozilgan.

Shoir unda shunday yozadi:

Unvonlar jaranglab unvonga tegdi,

Dimoqlar yuksalib osmonga tegdi.

“O‘zbekfilm, cho‘pchaging jonga tegdi,

“O‘zbekfilm, cho‘pchaging jonga tegdi...

Shtirlitsni mukofotlamoqchi bo‘lgan Brejnev

Shu o‘rinda bir ma’lumotni keltirib o‘tishni joiz deb bildim. Yulian Semyonovning “Bahorning o‘n yetti lahzasi” asari chop etilganda uncha ommalashmagan. Chunki Tohir Malik ta’kidlaganday uni durust asar deb bo‘lmasdi.

Videodan kadr, 
YouTube Muslimaatuz

Biroq shu roman asosida suratga olingan ko‘p qismli “Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmi televideniyeda namoyish etilgandan so‘ng asar ham, yozuvchining o‘zi ham mashhur bo‘lib ketadi. Chunki aslida hayotda umuman bo‘lmagan odam haqidagi film juda ishonarli qilib ishlangandi.

O‘shanda Shtirlitsning dovrug‘i hatto mamlakat rahbari Leonid Brejnevgacha yetib boradi va u sovet josusini orden bilan mukofotlamoqchi ham bo‘ladi. Shunda unga sekingina Shtirlits o‘ylab topilgan obraz ekanini shipshitishadi.

KGB bilan hamkorlikning achchiq yakuni

KGB bilan hamkorlikning oxiri ayanchli tugaydi. 1990 yilda 59 yoshli yozuvchi yurak xurujiga uchraydi. O‘shanda uning yonida BBS muxbiri Oliviya Lixtenshteyn bo‘lgan. Adibni shifoxonaga olib borishganda ikkinchi marta yurak xurujiga uchraydi. Bunga ikki nafar qora kiyimli shaxs esa u yotgan palataga kirgani sabab bo‘lgan.

Yulian Semenov
oz.by

Hodisa guvohlari o‘sha ikki kishi KGB xodimlari bo‘lgani va adib ularni ko‘rib juda qo‘rqqanini aytishgan. O‘shandan so‘ng Yulian Semyonov uch yil to‘shakka mixlanib qoladi va 1993 yilda vafot etadi.

Keyinchalik adib birinchi yurak xurujini ham KGB xodimlari tufayli olgani haqida gaplar tarqaladi. KGB bir muddat uning yonida bo‘lgan Oliviya Lixtenshteynni ta’qib qiladi. Biroq 1991 yilda SSSR parchalanib ketgach BBS muxbirini tinch qo‘yishadi.

Yulian Semyonov vafot etguncha nega KGB xodimlaridan bunchalik qattiq qo‘rqqani sababini aytmaydi. Keyinchalik yaqinlari uni KGB “o‘ldirganini” aytib chiqishadi. Ha, sovet xavfsizlik xizmati bilan “hamkorlik” har doim ham xayrli yakun topavermagan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid