Rossiya hukumati Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan qismida joylashgan Berdyansk dengiz savdo portida bojxona nazorati punkti tashkil etish niyatida. Bu haqda 17 yanvar, juma kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Vitaliy Savelevning 2024 yil 12 dekabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yo‘llagan maktubi nusxasiga tayanib, Rossiyaning RBK axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Savelevning maktubida Zaporijjya oblastining bosib olingan qismi «rahbari» deb ataladigan Yevgeniy Balitskiy Rossiya Federatsiyasi federal budjeti mablag‘laridan Azov dengizidagi Berdyansk portida bojxona boshqarmasi tashkil etishni taklif qilgani ko‘rsatilgan. Savelev shuningdek, Transport vazirligi «materiallarni ishlab chiqqandan keyin» tegishli akt loyihasini tayyorlashini ma’lum qildi.
RBK ta’kidlaganidek, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosarining maktubida Putinning «Roziman» degan rezolyutsiyasi bor. Buyruqning bajarilishi bo‘yicha hisobot 2025 yil 8 avgustgacha Putinga taqdim etilishi kerak. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov va Transport vazirligi «rasmiy yozishmalar»ga izoh berishdan bosh tortdi, deyiladi agentlik xabarida.
RBK: Balitskiy Putinga 2024 yil iyulida xat yuborgan
2024 yil iyul oyida Yevgeniy Balitskiy Rossiya Federatsiyasi prezidentiga maktub yo‘llab, unda bojxona punktining tashkil etilishi hozirgi holatda tegishli hujjatlarni Krasnodar o‘lkasida emas, balki Berdyansk portida qayta ishlashga imkon berishini tushuntirgan. Mintaqa «rahbari» o‘z maktubida ta’kidlaganidek, bu Misr va Turkiyadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va qurilish materiallarini to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kirish imkonini ham beradi, deb yozadi RBK.
Ukrainaning bosib olingan hududlarida yetishtirilgan don Berdyansk dengiz porti orqali eksport qilinadi. Berdyansk 2022 yil 28 fevralda Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushining to‘rtinchi kunida rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingan. Zaporijjya oblastidagi dengiz portida ishlarning qayta tiklanishi qo‘lga olingandan keyin 4 oy o‘tgach sodir bo‘ldi. O‘shandan beri Rossiya hukumati u orqali Ukraina donini asosan Suriyaga eksport qilishni tashkil etmoqda, deya qayd etdi RBK'ning don bozoridagi manbasi.
Ma’lumotlar yig‘uvchi va surishtiruvlar olib boruvchi Ukrainaning «Teksty» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil kuziga kelib Rossiya tomonidan Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan Berdyansk va Mariupol orqali olib chiqilgan donning umumiy qiymati 6 milliard yevrodan oshgan bo‘lishi mumkin. Kreml do‘st rejimlarni bu don bilan «oziqlantiradi» va Eronga raketa ta’minoti uchun haq to‘laydi, deb yozadi nashr.