Vladimir oblastining Petushinskiy sudi hozirda vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning uch sobiq advokati — Vadim Kobzev, Aleksey Lipser va Igor Serguninni «ekstremistik hamjamiyatda» ishtirok etish ishi bo‘yicha (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282.1-moddasi 2-qismi) uch yarim yildan besh yarim yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi "Mediazona" 17 yanvar, juma kuni.
Vadim Kobzev 5,5 yil, Aleksey Lipser besh yil, Igor Sergunin esa uch yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tdi va Vladimir oblastining Petushinskiy rayon sudidagi eshituvlar 24 dekabr kuni yakunlandi. 10 yanvar kuni advokatlar so‘nggi so‘zlarni aytishdi.
Advokatlarga hukm 10 yanvar kuni chiqishi kerak edi, biroq keyin u 17 yanvarga qoldirildi. «Navalniyning advokatlari ustidan hukm 17 yanvar kuni soat 10:00 da e’lon qilinadi. Navalniy Rossiyaga qaytib kelgan va qamoqqa olingan kun. Menga aytingchi, bu tasodifmi?» — dedi FBK direktori Ivan Jdanov bu borada.
Navalniy advokatlarining ishi
Kobzev, Lipser va Sergunin 2023 yil oktyabr oyida Moskvada hibsga olingan — shundan beri ular tergov hibsxonasida. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Navalniyning advokatlari «maqomlaridan foydalangan holda» siyosatchining koloniyadan kelgan xatlarini uning sheriklariga yetkazgan. Shu tariqa ular «ekstremistik hamjamiyat yetakchilari va a’zolari o‘rtasida muntazam ravishda ma’lumotlar uzatilishini ta’minlagan». 2021 yilning iyun oyida Rossiya rasmiylari Navalniy tuzilmalarini, jumladan, u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondini ham shunday hamjamiyat deb e’lon qilgan edi.
Navalniyning yana ikki advokati - Olga Mixaylova va Aleksandr Fedolov ham «ekstremistik hamjamiyat»da ishtirok etish ishiga aloqador. Ular avvalroq Rossiyani tark etgani uchun sirtdan hibsga olingan. Barcha besh advokat ekstremistlar va terrorchilarning Rosfinmonitoring reyestriga kiritilgan.