O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azoga tinchlik qaytadimi?
Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga Isroil tomonidan yuzaga keltirilgan to‘sqinliklar vositachilar sa’y-harakatlari tufayli bartaraf etilganini ma’lum qildi.
HAMAS bayonotida: «Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini bajarmagani natijasida yuzaga kelgan to‘siqlar bugun vositachilarning qimmatli sa’y-harakatlari orqali bartaraf etildi», – deyiladi. Yaqin kunlarda birinchi bosqichda ozod etiladigan falastinlik mahkumlar ro‘yxati e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, 17 yanvar kuni Isroil xavfsizlik kabineti HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi.
Isroil bosh vaziri devoni bayonotida kelishuv xavfsizlik, siyosiy va humanitar nuqtayi nazardan urush maqsadlariga mos ekani ta’kidlandi. Kelishuv xavfsizlik kabineti tomonidan ma’qullanganidan keyin hukumatning tasdig‘iga taqdim etildi.
BMT Isroilni tanqid qildi
15 yanvar kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganiga qaramay, Isroilning falastinliklarga hujumlari davom etmoqda.
Bu haqda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar boshqarmasi vakili Ravina Shamdasani ma’lum qildi. U tomonlarni kelishuv shartlariga rioya qilishga chaqirdi.
Jyenevada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Shamdasani, falastinlik manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, 19 yanvarda rasman kuchga kiradigan kelishuv oldidan Isroil hujumlari natijasida 100 dan ortiq falastinlik, shu jumladan 31 ayol va 27 bola halok bo‘lganini ta’kidladi.
BMT vakili vaziyat jiddiy kuzatib borilayotganini ma’lum qilib, Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan avvalgi intensiv bombardimonlariga e’tibor qaratdi.
Trampning inauguratsiyasiga 250 ming kishi keladi
20 yanvar kuni AQSh poytaxti Vashington Donald Trampning prezidentlik qasamyodi marosimiga va unga hamroh bo‘ladigan norozilik aksiyalariga tayyorlanmoqda.
Rasmiylar 250 mingga yaqin kishi marosimda qatnashish uchun biletlar olganini qayd etishmoqda. Bu ko‘rsatkich Trampning 2017 yilgi birinchi inauguratsiyasiga qaraganda ancha kam — o‘shanda shaharga 1 mlndan ortiq kishi kelgan edi.
Majlisda ketuvchi prezident Jo Bayden va uning rafiqasi Jill Bayden ishtirok etishi kutilmoqda. Garchi, 2021 yilda Tramp Baydenning inauguratsiyasida ishtirok etmagan va saylovlarda g‘alaba qozonganini iddao qilgan edi.
Marosim kuni havo harorati -5 daraja izg‘irin bo‘lishi taxmin qilinmoqda, bu yanvar oyidagi odatiy haroratdan 10 darajaga pastdir. Tramp Truth Social platformasida havo haroratining sovuq bo‘lishi sababli marosimni yopiq binoda o‘tkazishga qaror qilinganini tasdiqladi.
TikTok AQShda taqiqlananadimi?
Sudyalar o‘tgan yili Kongressda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan va TikTok sotilishi yoki taqiqlanishi kerakligi haqidagi qonun so‘z erkinligini himoya qiluvchi AQSh Konstitutsiyasining Birinchi tuzatishini buzmaydi, degan qarorga keldi.
AQShda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini noqonuniy deb e’lon qiluvchi qonun yakshanba kuni kuchga kiradi. Biroq, yangi saylangan prezident Donald Tramp ma’muriyati servisni taqiqdan qutqarish rejasi borligini ma’lum qildi.
Qonunga ko‘ra, TikTok’ning Xitoydagi boshqaruvchi kompaniyasi — ByteDance ijtimoiy tarmoqni Xitoyga tegishli bo‘lmagan kompaniyaga sotishi kerak. Kongressmen Mayk Uoltzning Fox News telekanaliga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ByteDance kompaniyasiga kelishuvni yakunlash uchun 90 kunlik imtiyoz berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Bu chora ijtimoiy tarmoqni taqiqdan saqlab qolish va kompaniyaga sotish jarayonini yakunlash uchun vaqt berishni maqsad qilgan.
AQSh Afg‘onistonning aktivlarini taqiqdan chiqarmayapti
AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi favqulodda holat muddatini uzaytirib, mamlakatning muzlatilgan 7 mlrd dollarlik aktivlarini taqiqdan chiqarishdan bosh tortdi. Bu mablag‘lar 2021 yilda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan so‘ng muzlatib qo‘yilgan.
Oq uy bayonotiga ko‘ra, Afg‘onistondagi humanitar va iqtisodiy inqiroz xavfi AQSh milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga tahdid solishda davom etmoqda. Shuning uchun mablag‘lar Shveytsariyadagi trast fondida saqlanadi.
Ekspertlar bu qaror AQShning Afg‘oniston bo‘yicha siyosatida katta o‘zgarish bo‘lmasligini ko‘rsatishini ta’kidlashmoqda. Bunga javoban Afg‘oniston hukumati xalqaro hamjamiyatdan aktivlarni Markaziy bankka qaytarishni talab qildi.
Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» harakati 2021 yil 15 avgustda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, AQSh Afg‘onistonning qariyb 7 mlrd dollarlik, Yevropa davlatlari esa 2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ni muzlatib qo‘ygan.
Rossiya va Eron endi strategik sherik
17 yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Moskvada strategik sheriklik to‘g‘risidagi keng qamrovli shartnomani imzoladi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, hujjat mudofaa, terrorizmga qarshi kurash, energetika, moliya, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, ilm-fan va texnologiya sohalarini qamrab oladi.
Rossiya prezidenti Putin bu kelishuv ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi. Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliyning ma’lum qilishicha, hujjat 47 moddadan iborat. Uni ishlab chiqish 2022 yilda boshlangan bo‘lib, 2023 yil iyunida tomonlar shartnoma matnini kelishib olgan.
Muzokaralar davomida Putin va Pizishkiyon global va mintaqaviy masalalar, jumladan, Suriya va Falastin-Isroil mojarosi hamda Janubiy Kavkazdagi vaziyatni muhokama qilishgan.
Germaniya iqtisodiyotida eng yomon ko‘rsatkichlar
Germaniya iqtisodiyoti 2024 yilda 0,2 foizga pasayib, ikki yillik iqtisodiy tanazzulga uchradi. Bu holat so‘nggi marta 2002–2003 yillarda kuzatilgan edi. Mamlakat iqtisodiyoti ichki talabning pastligi, energiya narxlarining oshishi va Xitoy kuchli raqobati oqibatida tanazzulga yuz tutmoqda.
2024 yilda Germaniya sanoati qiyinchiliklarga duch keldi. Ishlab chiqarish hajmi keskin pasayib, 3 foizgacha tushib ketdi. Eng katta zarar avtomobilsozlik, kimyo va energiya iste’moli yuqori bo‘lgan tarmoqlarda kuzatildi. Masalan, Volkswagen 2030 yilgacha 35 mingdan ortiq ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Qurilish sohasi 3,8 foizga qisqardi, ayniqsa turar joy qurilishiga ta’sir ko‘rsatgan yuqori foiz stavkalari va xomashyo narxlari sabab bo‘ldi. Biroq xizmat ko‘rsatish sohasi 0,8 foizga o‘sib, chakana savdo bu o‘sishga hissa qo‘shdi.
Iqtisodiy qiyinchiliklar Olaf Shols boshchiligidagi koalitsiya hukumatining tarqalib ketishiga sabab bo‘ldi. 23 fevralga belgilangan muddatdan oldingi saylovlar iqtisodiy inqiroz va siyosiy vaziyatni hal qilish uchun muhim bo‘ladi.
Ultrao‘ng millatchilarning «Germaniya uchun muqobil» partiyasi mashhurligi oshib, Xristin demokratik ittifoqi/Xristian sotsialistlar ittifoqi konservativ blokidan keyin reytingda ikkinchi o‘rinda turibdi.
Turkiyada qalbaki oltin tarqaldi
Turkiya bozorlarida qalbaki oltinning yangi turi keng tarqaldi, uni hatto tajribali zargarlar ham aniqlay olmayapti. CNN Turk xabariga ko‘ra, bu holat fuqarolar orasida xavotir uyg‘otgan.
Oltin va pul bozori mutaxassisi Isom Memishning aytishicha, qalbaki mahsulotlar yoz mavsumida oltin narxining keskin o‘zgarishlari oqibatida paydo bo‘lgan. Firibgarlar maxsus ustaxonalarda past sifatli yoki butunlay soxta oltin ishlab chiqarib, asosan onlayn savdo orqali tarqatmoqda.
Zargarlik do‘konlari egalari ham firibgarlar qurboni bo‘layotgani xabar qilindi. Savdogarlar o‘zlarini himoyalash usullarini ham o‘ylab topdi. «Firibgar kelganida biz uni video suratga olib, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhga jo‘natamiz», dedi Memish.
Turkiya zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik markazlaridan biridir. Turk zargarlari o‘z hunarmandchiligi bilan mashhur bo‘lib, noyob zargarlik buyumlarini yaratadi.