Mashina olaman deb firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish holatlari hamon kuzatilyapti. Kun.uz’ga intervyu bergan ekspertlarga ko‘ra, bunga lizing shartnomalari murakkabligi, firmalar faoliyatida litsenziya talab qilinmasligi, regulyator yo‘qligi, qolaversa, mahalliy avtomobil bozorida davlatning proteksionizmi sabab bo‘lmoqda.
“Umid auto leasing” hamda “Halal Auto Leasing kompany” kabi nomlar sizlarga tanish. Bu so‘nggi vaqtlarda ko‘plab fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgan va mashhur bo‘lishga ulgurgan firmalarning nomi.
Oxirgi vaqtlarda oson shartlar bilan odamlarga mashina olib berishni taklif qilib, pulini olgach, ularni chuv tushirayotgan kompaniyalar soni ko‘payib qoldi.
Kun.uz nima sabab bunday firibgarliklar ortib borayotgani, odamlar nimalarga e’tibor qaratishi kerakligi haqida huquqshunos Abdulloh Sodiqov hamda iqtisodiy tahlilchi Valijon To‘raqulov bilan suhbatlashdi.
– Dastlab lizing haqida gaplashsak, o‘zi lizing nima va nima sabab bu kabi firmalarga murojaat qilish jozibador bo‘lib qoldi sizningcha?
Valijon To‘raqulov: Lizingning qisqagina ta’rifi bu – mulkni olib, u narsani ma’lum bir muddatga ijaraga ishlatish va bunda hech qanaqa huquqiy jihatdan egalik hujjati o‘tmasligi kerak sizga. [Ya’ni tovarni] ijaraga ishlatish va oxirida qaytarib berasiz. Lizingning iqtisodiy jihatdan jozibadorligi ham bor, ko‘pgina rivojlangan davlatlarda yaxshigina yo‘lga qo‘yilgan. Ba’zi bir insonlarning mulklari, masalan, avtomashinalarini faqatgina 4-5 yilgina mina olishi bor, eng yangi holatda minadi va yana boshqatdan almashtirishi mumkin bo‘ladi.
Shuning uchun lizing o‘ylab topilgan, ya’ni boradi, mashinani oladi, 3-4 yildan keyin uning ijara pulini oyma-oy to‘lab yurib, [egasiga] qaytarib beraveradi. Bu narsa ayniqsa qishloq xo‘jaligi yoki ishlab chiqarishda judayam iqtisodiy jihatdan jozibador, chunki bilasiz, qishloq xo‘jaligida ko‘pgina ishlar mavsumiy bo‘ladi. Aytaylik, qaysidir qimmatgina mulk, uskunani olsangiz, uni faqat yozda ishlatish mumkin, boshqa fasllarda u quruq turaveradi. Shuning uchun bu narsani lizing sifatida olishadiki, bunda odamlar iqtisodiy jihatdan ham yutishadi. Yoki 4-5 yildan keyin o‘sha texnologiya o‘zgarganda, boshqa yanayam samaralirog‘i chiqqanida [eskisikini] shunchaki almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Aslida lizingning qisqacha iqtisodiy jihatdan holati shunday, huquqiy tomonlarini Abdulloh aka aytib bersa kerak.
– Abdulloh aka, umuman huquqiy jihatdan odamlar nima sabab aldanib qolmoqda, shu haqida ham birmuncha fikrlaringizni bildirsangiz.
Abdulloh Sodiq: O‘zbekiston Respublikasida lizing to‘g‘risidagi qonunning 2-moddasida ham aks etgan, ya’ni xalqaro huquq standartlariga muvofiq bizning ham qonunimizda bor bu narsa, bir taraf ikkinchi tarafning talabi, so‘roviga ko‘ra uchinchi tarafdan lizing asosida mulkni sotib oladi va uni uzoq muddatli egalik qilish, foydalanishga beradi.
Egalik qilish va foydalanish, ya’ni mulk huquqida o‘zi 3 ta element bor: egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish. Bunda tasarruf qilish elementi bo‘lmaydi, bu qachonki lizing to‘lovi to‘liq amalga oshirilganidan keyingina mulkka to‘la huquqiy tasarruf qilishga o‘tadi. Ungacha bo‘lgan huquq to‘laqonli mulk huquqi sifatida shakllanmaydi. Mana shu mulk huquqining shakllanmasligi avtolizing kompaniyalarida [bo‘lmaydi]. O‘zi lizing faoliyati qanday bo‘ladi desangiz, bu – lizing beruvchi tomonidan moliyaviy ijarani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat.
Lizing faoliyati O‘zbekistonda litsenziyalanmagan, ya’ni litsenziya talab qilinmaydi, o‘sha moliyaviy ijaraning amalga oshirilishida [uning ustidan] davlatning regulyatsiya funksiyasi bo‘lmagani uchun ham bu yerda muammolar kelib chiqyapti. Asosiy masala birinchi o‘sha avtolizing kompaniyalarida mulk huquqining to‘liq elementlari bo‘lmagani sababli u tashkilotning boshqa qarzdorliklari to‘lab berilishi nuqtai nazaridan ham lizing obekti bo‘lgan mulkka to‘lov qaratilib, mol-mulk haqdorning zimmasiga o‘tib ketyapti.
Misol uchun, lizingga oluvchi o‘sha joyda jabrlanuvchi bo‘lib qoladi. Ya’ni lizingni oluvchi lizing beruvchi tashkilotning qarzdorligi bo‘lgan taqdirda lizing obektini yo‘qotish xavfi bor. Risklarning oldi olinmagan, chunki lizing obektiga nisbatan mulk huquqi to‘liq to‘lab bo‘lingandan keyin bo‘ladi. Endi yana bir sharti: lizing bo‘lishi uchun 12 oydan ortiq bo‘lgan muddat o‘tishi kerak. Lizing to‘g‘risidagi qonunda buning bir qancha shartlari bor, judayam tushunishga qiyin bo‘lgan shartlar, u huquqiy jihatdan qaysidir 80 foizi to‘lovligi, to‘lab bo‘lgandan keyin qolgan qiymatini hisob-kitob tartibi bor, komissiyalari mavjud – bu narsalarni qonun bo‘yicha lizing oluvchining huquqini ta’minlangani choralari bor, lekin aksariyat hollarda bular qo‘llanmaydi.
Ya’ni bu yerda huquqiy savodxonlik masalasi ham ancha muhim turadi. Shartnomaning o‘zini, lizingning mohiyati tushunish jihatdan qiyinchiliklar mavjud. Shartnomani o‘qigan taqdirda ham tushunishga qiyin, bu bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilishi kerak. Biror huquqshunos ko‘magida shartnoma imzolab kelinar, lekin shartnomaning o‘zi moliyaviy jihatdan ham oddiy odamga tushunish qiyin. Ya’ni uning ichida 12 oydan ortiq muddatda bo‘lishi kerakligi, mulk huquqi deganda hozirgi 3 ta elementning mavjudligi jihatdan odamlar bu narsaga e’tibor bermaydi.
Endi uning mulkiy huquqiga kelsak, “men buni oldim” deydi, istalgan avtomashinani olgandan keyin, “bo‘ldi, men mashinaning egasiman” deydi, vaholanki [huquqiy jihatdan mashina mijozning nomiga] o‘tmagandan keyin avtomobilni tortib olishlari mumkin. Ko‘pchilik odam bundan shokka tushdi, o‘sha paytda ham ko‘p lizing kompaniyalarining qarzi, boshqa joylardan kreditlari bor, shuning uchun bundan ko‘p jabr ko‘rishdi.
– Valijon aka, yuqorida birmuncha sabablariga to‘xtalindi, ya’ni Abdulloh akaning aytishicha, faoliyat turining o‘zi litsenziya talab qilmagani va regulyatorning yo‘qligi hisobiga ham muammolar yuzaga kelmoqda.
Shu jihatdan yana bir savol bor-da, o‘zi avtolizingga talabning ko‘payishi O‘zbekistondagi avtomobil bozoridagi holat, ya’ni oldi-sotdisi bilan bog‘liq to‘siqlar borligi va bozor monopollashgani bilan bog‘liq emasmi?
Valijon To‘raqulov: Zo‘r nuqtani ko‘tardingiz, haqiqatda shunday. Ya’ni biz hozir gapirayotgan narsalarimiz hammasining oqibatidir. Oqibat nima deyilganda, mana shu mashina savdosi bo‘yicha davlat tomonidan juda kuchli qilib yuborilgan proteksionizmning oqibati. Chunki oddiy statistikalarga qaraydigan bo‘lsangiz, masalan, O‘zbekistonda aynan iqtisodchilar ko‘proq har mingta kishiga to‘g‘ri keladigan mashinalar sonini solishtirishadi. Yaqin yillarda ham bu 60-70 ta edi, hozir 80-90 taga chiqdi. Qozog‘istonda ko‘radigan bo‘lsak, har ming kishiga to‘g‘ri keladigan mashinalar soni 200 tadan ko‘p, Amerikada 700-800 ta. Dunyoda o‘rtachasi olinadigan bo‘lsa, 500-600 ta bo‘lishi kerak. To‘g‘ridan to‘g‘ri buni aytishlari mumkin, ya’ni “bu mashina bozoriga to‘siq qo‘yganimizdan emas, shunchaki iqtisodiy rivojlanish-ku, iqtisodiy rivojlansa, mashinalar ko‘payadi” degan narsaga o‘xshagan bo‘lishi mumkin.
Lekin O‘zbekistonning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM bo‘yicha mos tushadigan davlatlar, masalan, Shri-Lanka, Moldovalarni ko‘radigan bo‘lsangiz, ularda ham 200-300 tadan yuqori. Ya’ni bu narsa O‘zbekistonda shu bozor juda kuchli holatda “himoyalangani”ni ko‘rsatadi. Shuning natijasida talabga nisbatan taklif juda ham kam. Bundan shunga o‘xshagan “lizingchilar”, “nasiya savdochilar” juda ham yomon holatda foydalanishmoqda. 2 xil: ba’zilari aytganingizdek to‘g‘ridan to‘g‘ri firibgarlik, ba’zilari bozor munosabatlarida 30-40 foizlargacha nasiyaga sotishlar bo‘lyapti. Buning hammasi mashinaga bo‘lgan ehtiyojning ko‘pligi bilan bog‘liq. Biz ko‘proq bir narsaning oqibati bilan gaplashyapmiz, aslida sabablar yo‘qolsa, tasavvur qiling, JSTga a’zo bo‘lib, keyinchalik 5-6 yildan keyin sekin bozorimizda yengillashish bo‘lsa, juda ko‘p mashina kirib keladi. Kirib kelganidan keyin bu muammolar sekin-sekin yo‘qolib ketadi.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.