Rossiya harbiy razvedkasi (Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabining Bosh boshqarmasi, sobiq GRU) Moskva va Sankt-Peterburgda xorijliklarni G‘arb davlatlarida qo‘poruvchilik faoliyatiga tayyorlash uchun o‘quv markazlarini yaratdi. Der Spiegel va The Insider nashrlarining surishtiruvlar bilan shug‘ullanuvchi jurnalisti Xristo Grozevning 17 yanvar, juma kuni chop etilgan «Kotrikadze Dzyadko» YouTube-kanaliga bergan intervyusida «diversantlar universiteti» deb ataluvchi tashkilotning tashkil etilishi muhokama qilindi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tahsil oluvchilarning aksariyati Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan, xususan, Xersondan kelgan Ukraina fuqarolari. Bular jinoiy o‘tmishi bo‘lgan odamlar va ular GRU xodimlari tomonidan diversiyalarga o‘rgatilmoqda, deya aniqlik kiritdi Grozev. Ikkinchi toifaga Lotin Amerikasidan kelgan odamlar kiradi, ularning ba’zilari ilgari Rossiyada o‘qib, ishga qabul qilingan, boshqalari, masalan, venesuelaliklar va kubaliklar esa bunday tayyorgarlikdan o‘tish uchun «maxsus kelganlar». Uchinchi toifaga Afg‘onistondan kelganlar kiradi. 2023-2024 yillarda GRU «juda ko‘p» afg‘on yoshlarini Yevropada qochqinlar niqobi ostida diversiyalar uchun yollagan, deya xabar beradi jurnalist.
«Diversantlar universiteti» uchta sababga ko‘ra yaratilgan
Jurnalist bunday o‘quv markazlari tashkil etilishining bir qancha sabablarini sanab o‘tdi. Birinchidan, bir qator surishtiruvlar natijasida xorijda ishlagan 100 ga yaqin rossiyalik GRU josuslari fosh etildi. Ikkinchidan, Ukrainadagi urush paytida ba’zi agentlar o‘ldirilgan yoki yaralangan. Uchinchidan, GRUning butun dunyo bo‘ylab «ikkinchi harbiy attashe yoki ikkinchi kotib» maqomi ortiga yashiringan «diplomatik» xodimlari sanksiyalar tufayli endi G‘arb davlatlariga bora olmaydi.
Grozev GRU tomonidan o‘qitilayotgan agentlar sonini aytmadi, lekin bu ish natijalari, xususan, Polsha va Chexiyadagi sabotaj, shuningdek, Yevropadagi DHL logistika markazlarida sodir bo‘lgan yong‘inlar bilan bog‘liq hodisalarni o‘z ichiga olganini ta’kidladi.