Rossiya GRU Afg‘onistonda AQSh askarlarini o‘ldirish uchun toliblarga pul to‘lagan - OAV

Jahon 08:34 8681

Rossiya harbiy razvedkasi (Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabining Bosh boshqarmasi, sobiq GRU) 2021 yilning o‘rtalarigacha Afg‘onistonda joylashgan xalqaro koalitsiya qo‘shinlari harbiylarini o‘ldirish uchun Afg‘onistondagi guruhlarga yillar davomida pul to‘lab kelgan. Bu haqda The Insider va Germaniyaning Der Spiegel jurnali 8 yanvar, chorshanba kuni chop etgan surishtiruvda aytiladi.

Afg‘oniston hukumatining sobiq amaldorlari, jumladan Milliy xavfsizlik boshqarmasidan bo‘lganlar jurnalistlarga AQSh va koalitsiya askarlariga hujumlar 2016-2019 yillarda sodir bo‘lganini aytdi. Nashrlarning yozishicha, har bir halok bo‘lgan askar uchun mukofot jami 200 ming dollarni tashkil etgan, GRU esa "Tolibon"ga kamida 30 million dollar to‘lagan.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, pullarni qunduzlik sobiq kontrabandachi Rahmatulla Aziziy boshchiligidagi kurerlar olib o‘tgan. Jurnalistlar Aziziy 2019 yildan beri Moskvada yashayotganini va Rahim Ahmadov nomiga berilgan Rossiya pasportiga ega ekanligini aniqladi. Bu hujjatning raqami Solsberida sobiq agent Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani "Novichok" moddasi bilan zaharlagan Anatoliy Chepiga (Ruslan Boshirov) pasport raqamidan bor-yo‘g‘i ikki raqamga farq qiladi.

Afg‘on kurerlariga Rossiyadan boshpana berildi

«Rossiya razvedka xizmatlari «Tolibon» jangchilari va boshqa guruhlarga pul o‘tkazish uchun qimmatbaho toshlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya sifatida ko‘ringan afg‘on kurerlari tarmog‘ini saqlashgan. O‘z missiyasini yakunlab, kurerlar Rossiya hujjatlari va Rossiyadan boshpana olishdi», deb yozadi The Insider. Nashrning yozishicha, afg‘on jangarilarining rossiyalik kuratorlari «Skripalni zaharlash va Yevropada qo‘poruvchilik qilish bilan tanilgan» 29155-harbiy qism ofitserlari bo‘lgan. Surishtiruvchilarning aytishicha, terrorizmni moliyalashtirish dasturi rahbari 29155-bo‘linma komandiri o‘rinbosari general-leytenant Ivan Kasyanenko, GRUning Tolibon bilan asosiy aloqasi esa Aleksey Titov nomidagi pasport bilan parvoz qiladigan polkovnik Aleksey Arxipovdir.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, kurerlik tarmog‘idagi ba’zi afg‘onlar qochqinlar niqobi ostida Yevropa Ittifoqiga kirishgan. Der Spiegel nashriga ko‘ra, ulardan kamida ikki nafari Germaniyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan va ularga rad javobi berilgan, biroq ular mamlakatda yashashni davom ettirmoqda.

The Insider tomonidan aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, «Rossiyaning turli isyonchi guruhlarni markaziy hukumat va Amerika tuzumiga qarshi qo‘zg‘atish dasturi "Tolibon"ga pul to‘lash dasturidan ko‘ra ancha uzoqroq davom etgan».

Ko‘proq yangiliklar: