Jahon | 17:11 / 24.02.2025
8205
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston «Hayraton-Hirot» temiryo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi

Ta’kidlanishicha, loyihani texnik-iqtisodiy asoslash yakunlanganidan keyin 10 kun ichida qurilishni boshlash reja qilingan.

Foto: amu.tv

«Tolibon» bosh vazir o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodar 23 fevral kuni O‘zbekiston bilan «Hayraton-Hirot» temiryo‘li loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. O‘zbekiston tomoni texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash uchun o‘z guruhini jo‘natadi, deb xabar berdi Amu TV.

O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifidan so‘ng Barodar jurnalistlarga qurilishni texnik-iqtisodiy asoslash yakunlanganidan keyin 10 kun ichida boshlash rejalashtirilayotganini aytgan. Ta’kidlanishicha, loyihani dastlabki texnik baholash xarajatlari O‘zbekiston tomonidan qoplanadi.

Temiryo‘l loyihasi O‘zbekiston bilan chegaradosh muhim port shahri bo‘lgan Hayratondan Mozori Sharif orqali Afg‘oniston g‘arbidagi Hirotgacha bo‘lgan mavjud yo‘nalishni kengaytirishni nazarda tutadi.

2010 yilda loyihaning birinchi bosqichida Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida Hayraton va Mozori Sharifni bog‘lovchi 75 kilometrlik temiryo‘l liniyasi qurildi. Ushbu yo‘nalish Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahkamlashning asosiy elementiga aylandi.

Rejalashtirilgan kengaytirish Mozori Sharifni bir qancha viloyatlar orqali Hirot bilan bog‘lashni ko‘zda tutadi. Loyiha Markaziy Osiyoni Yaqin Sharq bilan bog‘lovchi strategik ahamiyatga ega transport yo‘lagini yaratishi, bu esa o‘z navbatida mintaqaviy savdo-iqtisodiy integratsiyani rag‘batlantirishi kutilmoqda.

Tashrif doirasida «Tolibon» delegatsiyasi O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va uning o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Asosiy muhokamalar savdo, energetika, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmaga tegishli bo‘ldi.

Birodar so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Afg‘onistondagi Dashti Alvonga 500 kilovoltlik elektr energiyasini o‘tkazish bo‘yicha loyiha qiymatining 252 million dollardan 222 million dollarga tushirilgani muhim yutuqlardan biri bo‘lgan.

Birodar, shuningdek, O‘zbekiston yoz oylarida Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini oshirish va shu bilan birga tariflarni kamaytirishga kelishib olganini aytdi.

Ta’kidlanishicha, erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekiston Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qiladi va ikki davlatning yirik shaharlarida to‘rtta savdo markazi ochadi.

Mavzuga oid