Rossiya va Eron strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi

Jahon 20:29 / 17.01.2025 2508

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va Rossiya prezidenti Vladimir Putin keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi, deb xabar beradi Kreml matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi shartnoma «barcha sohalarni, jumladan, mudofaa, terrorizmga qarshi kurash, energetika, moliya, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, ilm-fan va texnologiyani qamrab oladi».

«Buning ustida anchadan beri ishlab kelayotgandik va ish yakuniga yetganidan juda mamnunman. Uning muhimligi shundaki, bu bizga o‘zaro munosabatlarimizning deyarli barcha sohalariga qo‘shimcha turtki berish imkoniyatini taqdim etadi», — deydi Rossiya prezidenti.

Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliyning so‘zlariga ko‘ra, hujjat 47 ta moddadan iborat. Hujjat matni rasman e’lon qilinmadi.

Ilgari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2001 yilda imzolangan hujjat bilan tartibga solib kelingan. Har besh yilda u avtomatik ravishda uzaytirilgan. Yangi shartnoma ustidagi ishlar 2022 yildan beri davom etib kelayotgan edi, o‘tgan yilning iyunida esa tomonlar hujjat matnini kelishib olgani ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon rasmiy tashrif bilan Rossiyaga bordi. Putin bilan uchrashuv davomida u global va mintaqaviy kun tartibidagi asosiy masalalarni muhokama qilgan. Ular orasida Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivojlanishi, jumladan, Suriya va Falastin—Isroil mojarosi, Kavkazortidagi vaziyat hamda Eron yadro dasturi bilan bog‘liq masalalar ham bor.

Ko‘proq yangiliklar: