Microsoft rossiyalik hakerlarni siyosatchilarning WhatsApp akkauntlariga hujum uyushtirishda aybladi

Jahon 22:28 / 17.01.2025 408

Rossiyalik hakerlar butun dunyo bo‘ylab vazirlar va amaldorlar, shuningdek, Ukrainaga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tahlil markazlari hamda tashkilotlar xodimlarining WhatsAppʼdagi akkauntlariga kirishga uringan, deb xabar bermoqda The Moscow Times.

G‘arb FXX bilan bog‘laydigan Star Blizzard guruhi hakerlari fishingning yangi usulidan foydalangan. 2024 yil noyabrda Microsoft kompaniyasining kiberxavfsizlik bo‘linmasi WhatsApp akkauntlarini buzib kirishga qaratilgan hujumlarni payqagan. Foydalanuvchilar AQSh hukumati vakillari nomidan messenjerdagi guruhlarga qo‘shilish bo‘yicha elektron maktublar olgan. Maktubni olgan xodim QR-kodni skaner qilishi kerak bo‘lgan, bu esa hakerlarga ularning WhatsApp akkauntlariga kirish imkoniyatini taqdim etgan.

Qator davlatlarning vazir va amaldorlaridan tashqari (Microsoft ularning ismini oshkor etmadi), Star Blizzard diplomatiya, mudofaa siyosati va Rossiyaga aloqador, shuningdek, Ukrainaga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro munosabatlar tadqiqotiga bog‘liq insonlarni aldashga uringan.

«Jinoyatchilar WhatsApp akkauntidagi xabarlarni qo‘lga kiritishi va ushbu ma’lumotlarni olib chiqib ketishi mumkin», — deya ogohlantirgan kompaniya. Kiberjinoyatchilar asosan QR-kodlardan foydalanmoqda, fishingning bunday amaliyoti «kvishing» nomini olgan.

2023 yilda Buyuk Britaniya Kiberxavfsizlik milliy markazi Star Blizzard’ni parlament a’zolari, universitet xodimlari va jurnalistlarga hujum qilishda ayblagan edi. Hakerlik guruhi Rossiya FXX Axborot xavfsizligi markaziga bo‘ysunishi aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: