17 yanvar kuni AQSh Oliy sudi TikTok qisqa videolar platformasini ByteDance kompaniyasi tomonidan sotilishi yoki milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSh hududida taqiqlanishini talab qiladigan qonunni kuchda qoldirdi. Bu amerikaliklarning deyarli yarmi foydalanadigan platformaga katta zarba, deb xabar berdi Reuters.
Sudyalar o‘tgan yili Kongressda ikki partiyaning katta ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan va prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan qonun so‘z erkinligini himoya qiluvchi AQSh Konstitutsiyasining Birinchi tuzatishini buzmaydi, degan qarorga keldi.
TikTok Qo‘shma Shtatlardagi eng mashhur ijtimoiy media platformalaridan biri bo‘lib, undan 270 millionga yaqin amerikaliklar foydalanadi, bu mamlakat aholisining qariyb yarmi.
Ish bo‘yicha bahslar davomida Adliya vazirligi advokati Elizabet Prelogar so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumatining TikTok ustidan nazorati AQSh milliy xavfsizligiga «jiddiy tahdid» tug‘diradi, chunki Xitoy amerikaliklar haqida juda ko‘p miqdordagi nozik ma’lumotlarni to‘plashga va yashirin ta’sir o‘tkazishga intiladi. Prelogarning ta’kidlashicha, Xitoy ByteDance kabi kompaniyalarni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari haqidagi ma’lumotlarni yashirin ravishda topshirishga va Xitoy hukumati ko‘rsatmalariga rioya qilishga majburlamoqda. Xitoy hukumati bu da’volarni rad qilib kelyapti.
2024 yil dekabr oyida AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp Oliy suddan o‘zining yangi ma’muriyatiga «ushbu ish bo‘yicha muammolarni siyosiy hal etish imkoniyatini» berish uchun qonunni bekor qilishni so‘ragan edi. Ammo Tramp TikTok platformasini «qutqarish»ga va’da bergan bo‘lsa-da, uning ko‘plab respublikachi ittifoqchilari taqiqni qo‘llab-quvvatladi.
Endi TikTok 19 yanvar kuni AQSh hududidagi ilovasini o‘chirib qo‘yishni rejalashtirmoqda, bu kompaniyaga berilgan so‘nggi muhlat sanasi edi.